Qoqi
Qoqi — murakkabguldoshlarga mansub ko’p yillik sut shirali o’simlik turkumi. Bo’yi 10-40 santimetr, barglari ildiz bo’g’zidan chiqqan, lantsetsimon, ko’pincha to’pbarg hosil qiladi. Gullari sariq, savatchaga yig’ilgan. Mevasi pistacha. Apreldan iyulgacha gullab, meva tugadi. O’zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida tarqalgan. Yo’l yoqalari, ariq bo’ylari, bog’lar, tog’li joylar va dalalarda uchraydi. Tog’qoqi, dorivor qoqi (momaqaymoq), shoxsiz qoqi, kallakdor qoqi va boshqa turlari bor. Ildizida inulin to’planadi. Barglari sabzavot sifatida ishlatiladi. Qoqining ildizidan tayyorlangan ekstrakt yoki poroshok ishtaha ochuvchi, ovqat hazm qilishni yaxshilovchi hamda o’t haydovchi dori sifatida ishlatiladi.