Qorayish, terining qorayishi

Qorayish, terining qorayishi — odam terisining quyosh nuri yoki sun’iy manbalar (simobli kvars lampalari) ta’sirida qoramtir tus olishi, badanning toblanishi; bunda ultrabinafsha nurlar ta’sirida terining muguz qavatida melanin Pigmenti to’planadi va teri qoramtir tusga kiradi. Ultrabinafsha nurlar ta’sirida organizmda nerv sistemasi va ichki sekresiya bezlari faoliyatini kuchaytiradigan, biologik faol moddalar hosil bo’ladi, moddalar almashinuvi yaxshilanadi, organizmning yuqumli kasalliklarga qarshiligi ortadi. Bundan tashqari, ultrabinafsha nurlar ta’sirida yog’ bezlaridan chiqadigan yog’ tarkibidagi ergosterin moddasidan vitamin D hosil bo’ladi. Bu vitamin suyak sistemasi uchun juda zarur bo’lib (u yetishmaganda raxit paydo bo’ladi), kaltsiyning ichakdan qonga so’rilishini ta’minlaydi. Qorayish kishi organizmining himoya reaktsiyasi bo’lib, ultrabinafsha nurlar ta’sirida terining bazal qavat hujayralari yaxshi o’sadi; muguz qavat qalinlashadi, natijada u ultrabinafsha nurlarni terining ichki qavatlariga o’tkazmaydi, hujayralarni nobud bo’lishidan va quyosh nuri ta’sirida terini kuyish yoki oftob urishidan saqlaydi. Terlash ham kishini oftob urishidan himoya qiluvchi omillardan hisoblanib, kishi terlaganda ter tarkibidagi urokanin kislota ultrabinafsha nurlarni ko’p yutadi, natijada organizm quyosh nuri ta’siridan saqlanib qoladi. Qorayish asta-sekin amalga oshirilishi lozim. Birinchi kuni oftobda 10— 15 minut o’tirish va keyinchalik har kuni 10 minutdan oshirib borish kerak. Oftobda 1 — 1,5 soatdan ortiq o’tirmaslik zarur. Issiq va o’rtacha iqlimda yashovchi kishilar soat 11 — 12 gacha oftobda toblanishlari maqsadga muvofiq. Bunda boshga ro’mol o’rash yoki cheti keng shlyapa kiyib, qora ko’zoynak taqib olish kerak. Ko’z shilliq pardasida quyosh nuridan saqlaydigan qavat yo’qligidan ular yallig’lanib qolishi (kon’yunktivit) mumkin. Qorin ochligida yoki ovqatlangan zahoti oftobda toblanishga ruxsat etilmaydi; kun tig’ida uxlash nihoyatda xavfli. Tez Qorayish maqsadida quyosh nurida ko’p o’tirish natijasida betoblik alomatlari (lohaslik, asabiylashish, bosh og’rig’i, uyqusizlik, et uvishishi, harorat ko’tarilishi)dan tashqari teri kuyishi yoki oftob urishi mumkin. Agar quyosh nurida toblangandan keyin teri achishib qizarsa, qizargan joyga qatiq, atir yoki araq surtish, teri asl holiga kelmaguncha quyosh vannalari qabul qilmaslik kerak. Terining qizargan joylari shishib, pufakchalar paydo bo’lsa, vrachga murojaat qilish lozim. Qorayish hamma uchun ham foydali deb bo’lmaydi. Keksa kishilar, 2 yoshgacha bo’lgan brlalar, homilador ayollar, shuningdek, o’pka sili, yurak-tomir kasalligi, nevrasteniya, qizil volchanka bilan og’rigan bemorlar quyosh nurida toblanmaganlari ma’qul; agar toblanish zarur bo’lsa, albatta, vrach maslahati bilan qilish kerak.