Qorin bo’shlig’i

Qorin bo’shlig’i – tana ikkilamchi bo’shlig’ining bir qismi; umurtqali hayvonlarda buyrak va yurakdan, sut emizuvchilarda esa buyrak, yurak va o’pkadan tashqari hamma ichki a’zolar joylashadi. Yetuk holatdagi tuban umurtqali hayvonlarda Qorin bo’shlig’ini yurak oldi bo’shlig’i bilan tutashtiruvchi kanallar saqlanadi. Ko’pchilik baliqlarda Qorin bo’shlig’i tashqi muhit bilan abdominal teshiklar orqali aloqada bo’ladi. To’garak og’izlilar va baliqlarda Qorin bo’shlig’ining oldida yurak oldi bo’shlig’i joylashadi; quruklikda yashovchi umurtqalilarda u ketinga surilgan va Qorin bo’shlig’iga kiradi. Sut emizuvchilarda ko’krak to’sig’i yoki diafragma hosil bo’lishi natijasida yurak oldi bo’shlig’i o’pkani saqlovchi Qorin bo’shlig’ining old qismi bilan birga uning qolgan qismlaridan ajralib turadi. Odamda Qorin bo’shlig’i qorin deb ham ataladi, unda me’da-ichak yo’li (qizilo’ngachning qorin qismidan to’g’ri ichakgacha), jigar. me’da osti bezi, taloq, buyrak usti bezi va boshqa a’zolar joylashadi. Qorin bo’shlig’idagi seroz suyuqlik qorin pardani hamisha namlab turadi. Shuning uchun Qorin bo’shlig’idagi a’zolar bir-biriga ishqalanmay yengil harakatlanadi.