Qo’shin
Qo’shin — urush xavfi tug’ilganda yoki harbiy yurish oldidan shahar, viloyatlarda to’plangan harbiy qism, lashkar; keng ma’noda — ko’p sonli harbiy qism (korpus, armiya). 13— 14-asrlardan e’tiboran turkiy tillarda, xususan, o’zbek adabiy tilida qoshuntarzida qo’llanila boshlagan. Chingiziylar harbiy istilohlari tizimidan harbiy qism, tuzilma ma’nosida o’rin olgan. Temuriylar davrida ming yoki undan oz jangchilardan iborat askariy guruh q. deb nomlangan. Nizomiddin Shomiyning ta’kidlashicha, bir o’rinda Amir Temur 200 kishidan 4 ta Qo’shin tuzishni buyurgan. Yana bir joyda 600 askardan 7 ta Qo’shin tuzilganligi aytib o’tilgan. Abdurazzoq Samarqandiy «Matla’i sa’dayn va majmai Bahrayn» asarida 1405 yil voqealarini tasvirlaganida Mironshoh Mirzoning o’g’li Umar Mirzo har biri 500 otliqdan tashkil topgan 47 Qo’shinni ko’rikdan o’tkazganini qayd etadi. Keyingi davrlarga kelib Qo’shin yuqorida qayd etilgan atamalarning deyarli barchasini harbiy terminlar tizimidan siqib chiqargan va armiya ma’nosini ifodalash uchun ishlatilgan. «Qo’shin» atamasi zamonaviy qurolli kuchlar turlari, Qo’shin turlari, maxsus Qo’shinlar, shuningdek, operativ va hududiy birlashmalarning harbiy kuch va vositalarining umumlashgan nomlarini ifodalash uchun qo’llanadi.