Qo’shjonov Matyoqub
Qo’shjonov Matyoqub (1918.5.5, Toshhovuz viloyati, Turkmaniston — 2005.16.8, Toshkent) — adabiyotshunos olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1978), Filologiya fanlari Doktori (1972). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942-45). Toshhovuz shahridagi o’qituvchilar institutini (1946), O’rta Osiyo universitetining Filologiya fakultetini (1950) tugatgan. O’zbekiston KP MK da mas’ul xodim (1950-53), O’rta Osiyo universiteti (ToshDU)da dotsent (1957— 60), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1960-75), Direktor (1975-86), yetakchi ilmiy xodim, ilmiy maslahatchi (1986 yildan). Qo’shjonovning asosiy ilmiy ishlari 20-asr o’zbek adabiyotining rivojlanish tamoyillari, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va yozuvchi mahorati masalalariga bag’ishlangan. Tadqiqotlarida Qodiriy, Qahhor, Oybek, P.Qodirov, O.Yoqubov, A.Oripov va boshqa yozuvchi, shoirlarning mahorati o’rganilgan va badiiy asarning syujet, kompozitsiya, xarakter va konflikt masalalari tahlil qilingan. Qo’shjonovning 90-yillarda yozgan «O’zbekning o’zligi» (1994), «Abdulla Oripov» (hamkorlikda, 2000) va boshqa asarlarida mashhur yozuvchilar haqida fikr yuritilgan. Olimning «tepki bosildi» (1990), «Alam» (1996), «Dagish» (1999), «Armon» (2004) kabi badiiy-biografik asarlari ham bor. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). «El-yurt hurmati» (1999), «Buyuk xizmatlari uchun» (2003) ordenlari bilan taqdirlangan. As. Hayot va mahorat, T., 1962; Oybek mahorati, T., 1965; hayot va nafosat, T., 1970; ijod saboqlari, T., 1973; Saylan- ma [1-2-j.], T, 1982-83; Diydor, T, 2004.