Qo’shko’pir

Qo’shko’pir – Xorazm viloyati Ko’shko’pir tumanidagi shaharcha (1983 yildan), tuman markazi. Xorazm viloyatining g’arbida, G’ozovot kanali bo’yida joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Urganch (27 kilometr). Qo’shko’pirdan Urganch shahrigacha 27 kilometr. Aholisi 16,9 ming kishi (2005). Qo’shko’pirda paxta tozalash, silikat g’isht zavodlari, MTP, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, dehqon bozori bor. Kichik, o’rta biznes korxonalari va mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, kasb-hunar kolleji, tuman Markaziy kutubxonasi, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i, stadion va boshqa sport inshootlari bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona, poliklinika, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qo’shko’pirdan Urganch, Xiva shaharlari va boshqa tuman markazlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.