Qo’ytosh tog’i
Qo’ytosh tog’i – Shimoliy Nurota tog’larining Janubiy -Sharqiy qismi. Sharqda Sangzor vodiysi, g’arbda Savurbel dovoni oralig’ida. Jizzax viloyatida. Uzunligi 65 kilometr; eni 8-13 kilometr, eng keng joyi 25 kilometr. Eng baland joyi — To’ng’izlitog’ (1905 metr). Janubi-g’arbida Sangzor — Nurota, shimoli -sharqida Mirzacho’l botiqlari o’rab olgan. Suvayirg’ich qismi va yon bag’irlarida tekislangan yuzalar keng tarqalgan. Qo’ytosh tog’i qumtosh, slanes, ohaktosh, marmar, granodiorit, granitdan iborat. Qatlamlarning yotish holatlari tektonik harakatlar natijasida kuchli o’zgargan. Marmarlashgan ohaktoshlar yuzaga chiqqan ayrim joylarda soy yon bag’irlari tik. Jinslar nurash oqiba-tida qo’y, tik devorli qal’a, turli xil jonivorlar qiyofasini eslatuvchi tabiat ajoyibotlarini hosil qilgan. Tog’ning shimoliy yon bag’ridagi tik qoyalarda tosh uyumlari, slanesli hududlarda toshloqli buzuq yerlar keng tarqalgan. Shimoliy yon bag’rida ohaktoshlar yuzaga chiqib qolgan. Tog’ning Janubiy yon bag’ridagi bir muncha tekis yuza G’allaorol va Qo’ytosh botiqlari tomon pastlasha boradi. Qo’ytosh tog’i yon bag’irlari assimetrik tuzilishga ega. Shimoliy yon bag’rida Ustixonsoy, Nuraksoy, Osmonsoy, ilonchisoy; Jan yon bag’rida Chayonlisoy, ingichkasoy, Savrunsoy, Sag’anaqsoy, Norvonsoy kabi soylar oqib tushadi. Buloqlar ham bor. Tipik bo’ztuproq, to’q tusli bo’z tuproqlar tarqalgan. O’simliklardan shimoliy yon bag’rida qo’ng’irbosh, rang, shuvoq, flemis, yaltirbosh; Janubiy yon bag’rida turli xil o’tlar, shuvoq, yaltirbosh, rovoch, chayir, ko’ztikan, ayrim joylarda na’matak, bodomcha uchraydi. Tog’ tepasi va yon bag’irlaridan bahorgi yozgi yaylov sifatida foydalaniladi. Qo’ytosh tog’ida Qo’ytosh volfram-molibden koni bor.