Qo’ytosh volfram-molibden koni

Qo’ytosh volfram-molibden koni — Jizzax viloyatining G’allaorol tumaniyaagi kon. Jizzax shahridan 45 kilometr shimoli-Sharqda, Nurota tog’larida joylashgan. Asosan, terrigen, kamroq karbonat jinslardan tarkib topgan. Konning Markaziy qismini granitoid tarkibli Qo’ytosh intruzivi yorib chiqqan. Asosiy ruda qamrovchi jinslar kontaktli metamorfizmda rivojlangan skarn va rogoviklardir. Skarn-rudali jismlar kontaktli, qatlamlararo va kesishgan morfologik tipdan tashkil topgan. Skarn-rudali jismlarning qalinligi 0,5—20 metr (o’rtacha 1 — 1,5 metr), yo’nalish bo’yicha uzunligi 50-300 metrgacha, volframning uch oksidi 0,4—0,65%. Yo’l-yo’lakay uchraydigan komponentlardan mis (0,077%) va molibden (0,011%) mavjud. Skarn- rudali jismlarning mineral tarkibi gedenbergitli, vollastonit bilan birga grossulyar-gedenbergitli. Boshqa minerallardan ko’proq uchraydiganlari kvars, andezin, amfibol, kaltsit va ulardan tashqari sheelit, molibdenit, pirrotin, pirit va boshqalar. Rudaning asosiy komponentlari volfram, molibden, mis va vismut. Turli bloklarda volfram 0,25 dan 0,4% gacha, molibden 0,023%, mis 0,077%. Sulfidlarda vismut (0,5—1%), talliy (1,25 g/t), selen va tellur kontsentrasiyada bo’ladi. Hozirgi vaqtda konning asosiy zaxiralari o’zlashtirilib bo’lingan va 1998 yildan foydalanilmaydi.