Qozikalon

Qozikalon – bosh qozi, eng yuqori darajadagi qozi (oliy mahkama raisi). O’rta Osiyo xonliklarida barcha qozilar, dindorlar va mullalarning boshlig’i, ya’ni raisi bo’lib, ular ustidan nazorat qilgan. Bosh qozi ham diniy, ham Adliya ishlarini boshqargan. Barcha musulmon mamlakatlarida bo’lgani kabi Xiva xonligida ham huquq masalalari dinga qarashli, ya’ni dindorlar qo’lida bo’lganligi sababli, Qozikalon barcha huquq masalalari va qo’shin ma’muriyatining ham raisi hisoblangan. Qozikalon fuqarolarning da’volari, janjallari bilan ham shug’ullangan. Oliy jazo talab qilinadigan jinoiy ishlar uning vazifasiga kirmagan. Bu ishlarni xonning o’zigina ko’rgan. 1824-25 yillarda xonlikdagi Qozikalonning 11 ta navkari bo’lgan. Qozikalon rasmiy qabul marosimlarida xonning o’ng tomonida, 1-o’rinda o’tirgan. Qozikalon Buxoro amirligida ham xuddi shunday vazifani bajargan. Xiva xonligi mutlaq monarxiya davlati bo’lgani uchun oliy sud hokimiyati xon ixtiyorida bo’lsada, biroq shunga qaramay Qozikalon ham katta vakolatlarga ega edi. Masalan, maosh to’lanadiganlar ro’yxatida Shayx ul-islomdan keyin turgan. Xonlikda 2 ta qozi — Qozikalon va qozi-askar bo’lgan.