Qozoqi oqbosh qoramol zoti

Qozoqi oqbosh qoramol zoti — go’sht yo’nalishidagi qoramol zoti. 20-asrning 30-40-yillarida Qozog’iston va Rossiya (Orenburg va Volgograd viloyatlari)da Qozog’iston mahalliy va qisman qalmoq qoramol zotini gereford zoti bilan zavod usulida chatishtirib chiqarilgan. Zot sifatida 1950 yil tasdiqlangan. O’zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda go’shtdor qoramolchilik hududlarida tarqalgan. Keskin kontinental iqlim sharoitlariga yaxshi moslashgan. Yozning issiq, qishning sovuq kunlarida ham yaylov sharoitida boqiladi. Tusi qizil, boshi, ko’kragi, qorni, oyoqlarining va dumining pastki qismi oq. Yozda jun qoplami kalta, silliq, yaltirab turadi, qishda junlari uzun bo’lib o’sadi. Tana tuzilishi o’rtacha, ko’kragi keng, suyaklari mustahkam. Buqalari vazni 800-900 kilogramm, sigirlariniki 500-550 kilogramm. Yangi tug’ilgan buzoqlarining vazni 27— 30 kilogramm va 8 oyligida 220-240 kilogrammga boradi. Bu zot tez o’sishi bilan farqlanadi. Tabiiy yaylovlarda boqilgan buzoqlar 13-18 oyligida vazni 450— 470 kilogrammga yetadi. So’yim chiqimi 65— 67%. O’zbekistonda 1957— 60 yillardan boshlab Qozoqi oqbosh qoramol zotili mollarning reproduktor fermalari shakllantirilgan. Qozoqi oqbosh qoramol zoti go’sht sifatini yaxshilash maqsadida sut yo’nalishidagi zotlar bilan chatishtiriladi. Bu zot sof holda urchitib va mahalliy qoramollar bilan chatishtirishda foydalanib kelinmoqda. O’zbekistonda naslchilik podalari yaratilgan. Olingan chatishma avlodlar Jizzax viloyatining Zomin tumanida, Xorazm viloyatida va Qoraqalpog’istonning Orolbo’yi hududlarida boqiladi.