Qum
Qum — bir-biri bilan birlashmaydigan, mayda zarrachalardan tashkil topgan cho’kindi tog’ jinsi. Tog’ jinslarining mayda bo’lakcha (parcha)lari va turli minerallarning dumaloq va qirrali zarrachalaridan tarkib topgan. Paydo bo’lish sharoitlariga ko’ra Qum daryo, ko’l, dengiz, flyuvioglyasial, elyuvial, prolyuvial va eol Qumlarga bo’linadi. Odatda, Qumning o’lchami 0,05 millimetrdan 2 millimetrgacha bo’ladi. Ular mayda donachali (0,1—0,25 millimetr), o’rta donachali (0,25—0,5 millimetr), yirik donachali (0,5—1 millimetr) va juda yirik donachalidir (1-2 millimetr). Qum, mineralogik tarkibiga ko’ra, kvarsli, glaukonit-kvarsli, dala shpati-kvarsli va boshqa turlarga bo’linadi. tarkibiy qismiga qarab, bir mineralli (oligomikt) va ko’p mineralli (polimikt) Qum farq qilinadi. Qum konlari keng tarqalgan. Qumda oltin, platina, olmos, sapfir, rubin, tsirkon, rutil, titanit, ilmenit va boshqa ko’pgina qimmatbaho minerallar mavjud; bu minerallarning bir qismi foydali qazilma sifatida ajratib olinadi. Tabiiy va sun’iy (tog’ jinslarini maydalash yo’li bilan olinadigan) Qumdan qurilishda va qurilish materiallari ishlab chiqarishda; kvarsli Qumdan shisha, chinni, fayans, qurilish keramikasi ishlab chiqarish hamda quyma shakllar yasashda xom ashyo sifatida foydalaniladi.