Qumlarni mustahkamlash
Qumlarni mustahkamlash – qum ko’chishini bartaraf etish va yerlarni o’zlashtirish, unumdorligini oshirish maqsadlarida qumlikning fizik-mexanik va kimyoviy xususiyatlarini o’zgartirishga qaratilgan tashkiliy-xo’jalik, muhandislik, o’rmon-meliorativ, agrotexnik va boshqa tadbirlar majmui. Ko’chma qumlar qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazadi, sug’oriladigan ekinzorlar, bog’lar, kanallar, yo’llarni bosadi, yaylovlar unumdorligini pasaytiradi. Ko’chma qumlarni mustahkamlash uchun mexanik, kimyoviy va fitomeliorativ usullar qo’llaniladi. Mexanik va kimyoviy usullar qumlar qo’chishini to’xtatishda, fitomeliorativ usul esa ularni butunlay mustahkamlashda qo’llaniladi. Mexanik usul barxanlarda qamish, yantoq, lux (qo’g’a) va boshqa o’simliklardan g’ov (shox devor) — mexanik himoya vositalari — to’siqlar o’rnatishdan iborat. Konstruktiv xususiyatlari bo’yicha mexanik to’siklar tik o’rnatiladigan yoki to’shaladigan turlarga bo’linadi va ular asosiy shamol yo’nalishiga ko’ndalang qilib 2×2 yoki 3×3 metr o’lchamda barxanlarning qiya yonbag’irlariga o’rnatiladi. Eng xavfli joylarda balandligi 60 santimetrli katak to’siqlar qo’llanadi. Katak to’siqlar ichiga o’t yoki buta urug’lari yoppasiga, katak devordan 0,5—0,7 santimetr masofada buta qalamchasi yoki ko’chatlari ekiladi. Shamol kuchsiz kuzatiladigan rayonlarda o’t bordonlaridan foydalaniladi. Bordon shamol yo’nalishiga ko’ndalang holda eni 25-30 santimetr va 5 santimetr qalinlikdagi qum ustiga to’shaladi. Buta qalamchalari yoki ko’chatlari to’shama qatorining shamol esayotgan tarafiga o’tqaziladi. Qumlarni mustahkamlash uchun ekiladigan o’t, o’simliklar urug’i aralashmasi maxsus traktorlarga o’rnatilgan seyalkalar yordamida ekiladi. Mexanik to’siqlar 2, ba’zan 3 yil xizmat qiladi. To’siq-g’ovlar o’t va buta urug’larini tutib qoladi, urug’lar unib, qumlarni mustahkamlaydi, shuningdek, g’ovlar qandim, cherkez, juzg’un, saksovul, qoraterak, quyonsuyak va boshqalarning yaxshi o’sishiga sharoit yaratadi. Qumlarni mustahkamlash uchun sho’rlangan qumliklarda, shuningdek, greyder yordamida 10-15 metr oralatib chuqur egatmarzalar olinadi, ularda ko’chma qumlar tutib qolinadi, bu bilan tuzga chidamli buta (jiyda va boshqalar) qalamchalarining tutib ketishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Sizot suvlari yaqin joylashgan qumliklarda turang’il, mayda mevali jiyda, qora va oq terak, oq aktsiya yaxshi o’sadi. Qumlarni mustahkamlashning kimyoviy usullari ham tobora keng qo’llanmoqda; bunda qum yuzasiga Nerozin, bitum emulsiyasi, poliakrilamid, lateks, kurosol va shunga o’xshash moddalar sepiladi. Ko’chma qumlarni mustahkamlashning eng ishonchli va uzoq vaqt xizmat qiladigan vositasi daraxt ekishdir. Qumli cho’llarda o’sishga moslashgan Qandim, cherkez, oq va qora saksovul va shu kabi daraxt va buta turlaridan massivlar, ko’p qatorli yoki tor qatorli o’rmon minta-qalari, ihota daraxtzorlari va boshqalar barpo qilinadi. Buning uchun mexanik to’siqlar va kimyoviy vositalar bilan mustahkamlangan qumlarga urug’lar sepiladi, qalamcha va ko’chatlar ekiladi. O’rta Osiyoda bundan 120 yil oldin Zakaspiy temir yo’lini qum bosishdan himoya qilish munosabati bilan Qumlarni mustahkamlash bo’yicha dastlabki ishlar boshlandi. O’sha davrda V.A. Paleskiy rahbarligida Qandim, cherkez va saksovul ekilgan edi. 1940-yillarda Buxoro viloyatidagi sug’oriladigan dalalarni ko’chma qumlardan himoya qiluvchi «Buxoro to’sig’i» deb ataluvchi 120 kilometr uzunlikdagi o’rmon mintaqasi; 50-80-yillarda Markaziy Farg’onaning ko’chma qumlarida, Amu-Buxoro kanali, Qoraqum kanali zonasida va boshqa joylarda minglab ga maydonlarda ihota o’rmon daraxtzorlari barpo qilingan. O’rta Osiyoda qumlar va qumli yerlar 37 million gektarni, jumladan qo’chma qumliklar qariyb 3 million gektarni egallaydi. 1960-yillardan boshlab 1 million gektardan ko’proq qumli yerlar sug’orma dehqonchilik uchun o’zlashtirildi (Buxoro viloyati, Markaziy Farg’ona, Qoraqum kanali zonasi va boshqalar). Hozirgi davrda O’zbekiston hududida Qumlarni mustahkamlash ishlari rejali ravishda katta maydonlarda, ayniqsa, vodiylarga tutashgan cho’llarda, magistral kanal trassalari, avtomobil va temir yo’llari bo’ylab, Orol bo’yi mintaqasida amalga oshirilmoqda. Qizilqumda chorvachilik va cho’ponlar ehtiyojlari uchun (artezian suvlar bilan sug’orilib) yem-xashak va poliz ekinlari, mevali daraxtlar ekilmoqda. Ad.: Leontev A.A., Novne priyomi zakrepleniya i oblesenie Peskov v Sredney Azii, T., 1959;Danilin A.L., Effektivniy Sposob obleseniya i zakrepleniya peskov, T., 1979. Abdushukur Xonazarov.