Qurilish fizikasi

Qurilish fizikasi – bino va inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanish bilan bog’liq fizik jarayonlar va hodisalarni o’rganish hamda ularga doir muhandislik hisoblash usullarini ishlab chiqish bilan shug’ullanuvchi ilmiy fanlar (amaliy fizika bo’limlari) majmui. Asosiy sohalari — qurilish akustikasi. kurilish yorug’lik texnikasi, qurilish issiqlik texnikasi. Bular tovush yoki yorug’likning tarqalishi, issiqlikning ko’chishi qonuniyatlarini o’rganish masalalari bilan shug’ullanadi. Ular ishlab chiqqan tavsiyalar binolar va inshootlarda odamning sezgi organlari uchun eng qulay va gigiena nuqtai nazaridan eng maqbul akustika, yorug’lik va temperatura-namlik sharoitlarini yaratishda juda qo’l keladi. Qurilish konstruktsiyalari va qurilish materiallarining chidamliligi nazariyasi, qurilish iqlimshunosligi va qurilish aerodinamikasi bo’limlari ham Qurilish fizikasining muhim sohalari hisoblanadi. Bino va inshootlarning mustahkamligi, bikirligi va turg’unligi masalalari amaliy fizikaning muhim bo’limi qurilish mexanikasi o’rganiladi. Qurilish iqlimshunosligida bino va inshootlar hamda ularning konstruktsiyalariga tashqi iqlim sharoitlarining ta’siri o’rganiladi. Xonalardagi ichki iqlimning xususiyatlari ularning binoda qanday joylashganligiga va binoning aerodinamik ko’rsatkichlariga bog’liq, chunki xonalarda temperatura va namlikning tarqalishi tabiiy havo almashinish sharoitlariga qarab har xil bo’ladi. Qurilish ob’yektlarining aerodinamik shart-sharoitlarini o’rganish sanoat va jamoat binolarini har taraflama qulay qurishga imkon beradi. Qurilish fizikasining taraqqiyoti bu boradagi ilmiy tadqiqot ishlarida yangi usullar va vositalardan foydalanish bilan bog’liq. Masalan, qurilish materiallarining struktura-mexanik ko’rsatkichlari, ularning konstruktsiyalaridagi namlik sharoiti va holatini o’rganishda ultratovushlar, lazer nurlari, gammanurlar, radioaktiv izotoplardan foydalaniladi. Xona ichidagi havoni isitish va mo’tadillashda yarimo’tkazgichlar texnikasini qo’llash mumkin.