«Quvasoytsement» aktsiyadorlik jamiyati
«Quvasoytsement» aktsiyadorlik jamiyati — qurilish materiallari sanoati korxonasi. «O’zqurilishmateriallari» uyushmasi tarkibiga kiradi. Farg’ona viloyati Quvasoy shahrida. Qurilish va sanoat industriyasida ishlatiladigan sulfatga chidamli M-400E0, M-400SH0, M-500 portlandtsementi, tamponaj Portlandtsementi, mineral qo’shimchali suvbardosh portlandtsement, oltin qazib olish sanoatida ishlatiladigan yanchilgan ohak, keramika cherepisalari, olovbardosh g’isht, shifer, qurilish gipsi va boshqa qurilish materiallari ishlab chiqaradi. 1927 yilda tsement zavodi sifatida qurila boshlanib, 1932 yil 1 Fevralda ishga tushirilgan. Zavod ishga tushgan yili 43 ming tonna tsement ishlab chiqarilgan. 1956-61 yillarda korxona rekonstruktsiya qilindi. 1959 yili tsement ishlab chiqaradigan va aylanma pechi uzunligi 150 metr bo’lgan 2 ta yangi texnologik liniya qurilib, ishga tushirildi. 1958 yilda ohak zavodi, shifer korxonasi bilan birlashtirilib Quvasoy tsement kombinatiga aylantirildi. 1974-76 yillarda eski shifer qoliplash mashinalari o’rniga yangi avtomatik liniyalar o’rnatildi.1995 yil avgustdan aktsiyadorlik jamiyati. 1996— 2001 yillarda korxona tsexlarida zamonaviy texnologiyalar o’rnatildi. Klinkerni kuydirishning jami jarayonlari kompyuterlar orqali nazorat qilinadi va boshqariladi. Lagan ohaktosh koni o’zlashtirildi. 1998 yilda ishlangan rudalardan oltin ajratib oladigan «Zarafshon-Nyumont» O’zbekiston-Amerika qo’shma korxonasi ehtiyojlari uchun hamda Respublika issiqlik elektr markazlarida suvning qattiqligini yo’qotadigan tuyilgan ohak ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi va joriy etildi. Mahsulotlari Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg’onistonga eksport qilinadi. Mahsulotlari jahon standartlari darajasida bo’lgani uchun Madrid (1994), Jeneva (1999), Frankfurtmayn (2004) ko’rik tanlovlarida «sifat uchun oltin yulduz» bilan mukofotlangan. 2004 yil korxonada 860,7 ming tonna turli markadagi tsement, 28,7 ming tonna ohak, 4552 tonna maydalangan ohak, 7083 tonna qurilish gipsi, 150,2 ming dona shartli shifer taxtalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shuhrat Tojiboyev.