Raboti Malik

Raboti Malik, Shoh Raboti O’rta Osiyodagi monumental me’moriy yodgorlik (taxminan 1069-79). Qadimgi Buxoro — Samarqand yo’lining Cho’li Malikdagi yirik chegara va savdo bekatida bunyod etilgan. Katta karvonsaroy, hozirgi Navoiy shahri yaqinida. Bizgacha uning faqat peshtoq qismi (diametri — 12,6 metr) saqlangan. Janub minorasi (balandligi 5,5 metr) 1930 yilgacha mavjud bo’lgan. Raboti Malik karvonsaroy vazifasidan tashqari, istehkom, qo’rg’on sifatida ham muhim rol o’ynagan. Rabot katta keng hovli (22,5×22,5 metr) va atrofi o’ralgan 2 qavatli xona-hujralardan iborat bo’lib, ularga sopol quvurlar orqali suv o’tkazilgan. Markaziy qismi to’ridagi muhtasham saroy oldi bir qatorli ravoqli ayvon (7,5×13 metr) 2 qanotiga joylashgan. 20 ta g’ishtin ustun ishlangan. Unga Janubdagi peshtoqli darvoza orqali kirilgan. Atrofi qalin devorlar bilan o’ralgan (Janub va shimol balandligi 2,35 metr, G’arb va Sharqiy qismi 1,5 metr, uzunligi 84-86 metr, old devor balandligi 12 metrga yaqin). Maydonga qaragan Janub tarzi o’rtasidagi ulkan peshtoq (bo’yi 18 metr, eni 12 metr) O’rta Osiyoda eng qadimgi bo’lib, 8 qirrali yulduzlar, turli handasiy shakllar mavjud. 2 chekkasida burj bo’lib, ular o’zaro baland devor bilan ulangan. Devor o’rtasida piltavor Burjlar qatori tepasi kichrayuvchi ravoqlar bilan bog’langan. Devor yuqorisi g’ishtin kufiy xatlar bilan hoshiyalangan. Burjlar tepasida ravoqli ko’shk bo’lib, undan atrofni kuzatish qulay bo’lgan. Ko’shk ostida ganchdan yasalgan ikki qator yirik sharafa va kufiy xat halqasi ko’zga tashlanadi. Rabot devorlarining o’zagi xom g’ishtdan (28x28x6,5 santimetr) terilgan, sirti pishiq g’ishtdan (24x24x4 santimetr) ishlangan. Bezaklari, asosan, g’ishtin, oz miqdorda o’yma ganch naqshlar ham uchraydi. Raboti Malik xarobasi davlat muhofazasiga olingan. Ad.: Xudojestvennaya kultura Sredney Azii XII—XIII vekov, T., 1983.