Radioaktivatsion analiz

Radioaktivatsion analiz, aktivatsion analiz — moddalarning sifat va miqdoriy tarkibini ularni nurlantirish natijasida yadrolarida hosil bo’lgan radioaktiv nurlanishga ko’ra aniqlash usuli. Radioaktivasion analiz dastlab Vengriya kimyogarlari D. Xeveshi va G. Levi tomonidan 1936 yilda ittriy preparatida disproziy miqdorini aniqlash uchun qo’llangan. Radioaktivatsion analizda tekshirilayotgan modda ma’lum muddat yadro zarrachalari (neytronlar, protonlar, deytronlar, Azarrachalar va boshqalar) yoki unurlar bilan nurlantirilgach maxsus qurilmalar yordamida hosil bo’lgan radioaktiv izotopning turi va faolligi aniqlanadi. Eng keng tarqalgani neytronaktivasion usul bo’lib, bunda tekshirilayotgan modda yadro reaktorida neytronlar yordamida (l, u) — reaktsiya bo’yicha faollantiriladi. Har bir radioaktiv izotop o’ziga xos yarim emirilish davri (T|/2) va nurlanish energiyasi (Eemir)ga ega bo’lib, uning bu tavsifi boshqa radioaktiv izotopnikiga aslo o’xshamaydi. Izotoplarning bu tavsiflari maxsus jadvalga to’plangan. Jadvaldan esa shu radioaktiv izotop mavjud bo’lgan elementning tartib raqami va massa sonini aniqlash mumkin. Hosil bo’lgan faollik miqdori esa nurlantirilgan izotop miqdoriga Proportsional. Elementning izotop tarkibiga ko’ra shu elementning miqdori aniqlanadi. Moddaning sifat va miqdorini Radioaktivatsion analiz yordamida aniqlashda instrumental yoki radiokimyoviy usuldan foydalaniladi. Instrumental Radioaktivasion analiz hosil bo’lgan radioaktiv izotoplarni radiotexnik qurilma yordamida to’g’ridan-to’g’ri tekshirishga asoslangan. Radiokimyoviy Radioaktivatsion analizda moddaga kimyoviy ishlov berib, faollantirilgan elementlarni kimyoviy jixatdan ajratiladi, so’ngra ularning faolligi aniqlanadi.