Radioastronomiya

Radioastronomiya (radio., va astronomiya) — astronomiyaning kuyosh, yulduzlar, galaktikalar singari osmon jismlarini ulardan nurlanadigan (uzunligi millimetrning ulushlaridan bir necha kilometrgacha bo’lgan) radioto’lqinlar asosida o’rganadigan bo’limi. Quyosh radioto’lqinlari to’g’risida fikrlar 19- asrdayoq ilgari surilgan va ularni qayd qilishga urinishlar bo’lgan. Faqat 1931 yil K. Yanskiy (AQSh) 14,6 metr to’lqin uzunligida somon yo’li radionurlanishini tasodifan qayd qildi va shu maqsadda parabolik antenna hamda sezgir priyomnikni qo’lladi. 2-jahon urushi yillarida radioto’lqinli aloqaga ehtiyoj sezildi. 1942 yil Quyoshning, 1945 yil Oyning tinch qolatdagi radionurlanishi, 1946 yil esa Oqqush yulduzlar turkumida «diskret» (kichik o’lchamli) radionurlanish manbai kashf qilindi. Osmon jismlarida ro’y berayotgan fizik hodisalarni o’rganishda 20-asr 60-yillaridan Radioastronomiyadan keng foydalanilmoqda. Kuzatilayotgan barcha radioastronomik hodisalar fizikaga ma’lum radionurlanish mexanizmlari bilan. Masalan, qattiq jism (sayyoralar va Quyosh sistemasidagi kichik jism)lardagi issiqlik nurlanishi; kosmik plazma (Galaktikadagi gaz tumanliklar, Quyosh va yulduzlar atmosferasi) ionlari maydonida issiqlik elektronlarining tormozlanish nurlanishi va boshqalar bilan bog’liq. Kosmik radionurlanishlar turli xil radioteleskoplar yordamida tekshiriladi. Keng polosali radiometrlarga tutash spektrlar, radiospektrograflarda spektral chiziqlar kuzatiladi. Maxsus radioteleskoplar — radiospektrometrlar, radiopolyarimetrlar yordamida radionurlanishning spektral tarkibi, intensivligi, qutblanishi va boshqa ko’rsatkichlari o’rganiladi.