Radiometr

Radiometr (radio… va … metr) — 1) elektromagnit nurlanish energiyasini o’lchash uchun mo’ljallangan asbob. Ishi nurlanishning issiklik ta’siriga asoslanadi. Quyosh radiatsiyasi, infraqizil nurlanish va boshqa nurlanishlarni tadqiq qilishda qo’llaniladi; 2) radioastronomiyada — radioto’lqinlar diapazonida (to’lqin uzunligi 0,1 millimetrdan 1000 metrgacha) astronomik ob’yektlarning nurlanishini tadqiq qilish uchun mo’ljallangan radiotexnik qurilma. Radioteleskoplarning qabul qiluvchi qurilmasi sifatida, shuningdek, yer sirtining issiqlik xaritalarini tuzishda qo’llaniladi; 3) radioaktiv manbalarning faolligi (vaqt birligi mobaynida radioaktiv yemirilish aktlari soni) ni o’lchash uchun mo’ljallangan asbob; 4) akustikada — tovush nurlanishlari bosimi (tovushning radiatsion bosimi) ni, kengroq ma’noda — tovush maydonining ba’zi muhim ko’rsatkichlari (tovush energiyasi zichligi, tovush intensivligi va boshqalar)ni o’lchash uchun mo’ljallangan asbob.