Raketa-yadro qurollari

Raketa-yadro qurollari – yadro va termoyadro zaryadli raketalar; dushmanga zarba berishning qudratli vositasi. Raketa-yadro qurollari jang olib borish hamda strategik vazifalarni hal qilishda qo’llaniladi. Raketa-yadro qurollari turli sinfdagi raketalarning yaratilishi hamda turlicha quvvatdagi yadro, termoyadro zaryadlarining ishlab chiqilishi bilan yuzaga keldi. Raketa-yadro qurollarida qirg’in vositasi yadro zaryadi, nishonga yetkazish vositasi — raketa. Raketalar yer sharining har qanday nuqtasiga qisqa muddatda (40 minutga yaqin vaqt ichida) yadro zaryadini elta oladi. Raketa-yadro qurollarining asosiy vazifasi dushmanning yadro qurollari va boshqalar ommaviy qirg’in vositalarini yo’q qilishdir. Raketa-yadro qurollarini ommaviy suratda qo’llash jang maydonida qisqa muddat ichida dushmanga hal qiluvchi zarba berish va kuchlar nisbatini o’z foydasiga tubdan o’zgartirish imkonini beradi.