Rakvere
Rakvere (1917 yilgacha rasmiy nomi Vezenberg) — Estoniyadagi shahar. Tallin — Narva yo’nalishidagi temir yo’l stantsiyasi. Tallindan 98 kilometr sharqda. Aholisi 20,1 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Mashinasozlik, o’rmon-yog’och, yengil sanoat korxonalari mavjud. Kraxmalqiyom, go’sht, sut mahsulotlari, yog’ochsozlik kombinatlari, pedagogika bilim yurti, drama teatri, o’lkashunoslik muzeyi bor. Rakvere ilk bor rus solnomalarida 13-asrda tilga olingan. Vallimyagi tepaligida 13-asrga oid qasrning xarobalari saqlangan.