Rang ajrata olmaslik

Rang ajrata olmaslik, daltonizm — odam ko’zining qisman rang ajrata olmasligi, irsiy nuqson. Yosh bolalarda uchraydigan kasallik; atrofmuhitdagi ranglarni ko’z to’r pardasining kolbachasimon hujayralari sezadi. Ular ranglarni sezuvchi 3 ta har xil element bo’lib, har biri 3 ta asosiy rangning (qizil, ko’k yoki binafsha) faqat bittasini sezadi. Shu 3 rangdan qaysi birini sezadigan element bo’lmasa, odam o’sha rangni ko’rmaydi. Rang ajrata olmaslik tug’ma yoki hayot davrida orttirilgan bo’lishi mumkin. Tug’ma Rang ajrata olmaslik daltonizm deb atalib (ingliz olimi Dalton uni mufassal tasvirlab bergan), asosan, erkaklarda uchraydi. Bunda bemor qizil hamda yashil ranglarni ajrata olmaydi. Binafsha rangni ajrata olmaslik kamroq uchraydi. Ranglarni butunlay ko’rmaslik Rang ajrata olmaslik yoki monoxromaziya deyiladi. Bunda rang-barang dunyo bir xidda kulrang bo’lib tuyuladi. Daltonizm nasldannaslga (masalan, otadan qizi orqali o’g’il nabirasiga) o’tadi. Hayotda orttirilgan Rang ajrata olmaslik ko’z va Markaziy nerv sistemasining ba’zi kasalliklari (o’sma, shikastlar, glaukoma, ko’rish nervi atrofiyasi)da ro’y berib, bunga uchchala rangni sezishning pasayishi yoki butunlay yo’qolishi sabab bo’ladi. Hayotda orttirilgan Rang ajrata olmaslikni o’z vaqtida davolab, ranglarni ajratishni tiklash mumkin.