Rangli bosma

Rangli bosma — qog’oz, mato yoki boshqa materialga ko’p rangli tasvirlar (rangli fotosuratlar, rangtasvir asarlari, rangli matnlar va boshqalar) ni bosish usuli. Maxsus bosma qolip (forma) lar yordamida amalga oshiriladi. Bosma qoliplar soni bo’yoqlar soni (ikki, to’rt va boshqalar)ga bog’liq bo’ladi. Rangli bosmada asosan, ofset bosma, chuqur bosma va tekis bosma usullaridan ham foydalanish mumkin. Rangli bosma 19-asr oxirida paydo bo’lgan. Har xil rangli original (asl nusxa) dan ko’plab nusxa ko’chirishda har qaysi rang uchun ayrimayrim klishe (3 yoki 4 klishe) tayyorlab olinadi. Buning uchun fotografik usulda original ranglarni uch asosiy rangga ajratib, negativ olish va har bir negativdan bittadan klishe tayyorlash kerak. Original ranglarini xillarga ajratish yorug’lik filtridan foydalanib bajariladi. Shundan keyin qolip va zarur bo’yoqlar tayyorlab olinadi. Uch asosiy rang (sariq, qizil va ko’k) ni turli nisbatda aralashtirib, istalgan rangni olish mumkin. Och rang hosil qilish uchun belila ham ishlatiladi. Masalan, to’rt rangli tasvirni bosishda oldin sariq rang, keyin kizil va ko’k ranglar, oxirida kulrang (ton) bosiladi. Rangli bosmada 2,4 va 10 rangni bir yo’la bosadigan rangli bosma mashinalari qo’llaniladi.