Rasulov O’tkir Hasanovich

Rasulov O’tkir Hasanovich (1939. 11.7, Toshkent) — fizik olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1995), fizika-matematika fanlari Doktori (1979), professor (1992). O’rta Osiyo universitetini tugatgan (1961). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika (1962-67), Elektronika institutlari (1967-69)da, SSSR Fanlar Akademiyasi Ioffe nomidagi Fizika-texnika instituti (1965-81) da ishlagan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi elektronika instituti laboratoriya mudiri (1981 yildan) va direktori (1985 yildan). Ilmiy ishlari fizik elektronika va qattiq jism sirti fizikakimyosi sohalariga oid. U emission elektronikaning yangi yo’nalishi — ko’p atomli molekulalarning qattiq jism sirti bilan o’zaro ta’siri va bunday zarralarning sirtiy ionlanishini ochdi; organik va Bioorganik birikmalar ionlanishining yangi uslubini topdi va bu hodisaning barcha qonuniyatlarini aniqladi. Shogirdlari bilan birgalikda organik va Bioorganik birikmalar, jumladan, ekologiya va atrof-muhitni nazorat qilish uchun zararli va zaharli, giyohvand va dorivor moddalarni qayd etuvchi, yuqori sezgirlikka va tanlash xususiyatiga ega sirt ionizasion uslublar va asboblar; gaz xromatografiyasi uchun detektorlar, gaz analizatorlari; ionlarning harakatchanligi bo’yicha ajratuvchi spektrometrlar va boshqa asboblar ishlab chiqdi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (199599). «Shuxrat» medali (1994) va «mehnat shuhrati» ordeni (2003) bilan mukofotlangan.