Raufov Yoqub

Raufov Yoqub (1888, O’ratepa shahri — 1974.22.1, Toshkent) — naqqosh usta, O’zbekiston xalq rassomi (1963). Naqqoshlik hunarini otasi usta Rauf kalondan o’rgangan. Otasi boshchiligida O’rta Osiyo (jumladan, Namangan, Marg’ilon, Andijon, Xo’jand, Kattaqo’rg’on, Samarqand, Chimkent va boshqalar) shaharlaridagi jamoat binolarini bezashda qatnashgan. 18 yoshidan mustaqil usta. 1923 yildan Raufov Toshkentda yashagan. Xontaxta, quticha, qalamdon va boshqa uy-ro’zg’or buyumlarini badiiy bezagan. Toshkent o’quv ishlab chiqarish badiiy kombinatida dars bergan. Raufov ijodida 19-asr naqqoshlik maktabi an’analarini davom ettirgan, milliy naqqoshlik maktablari an’analarini uyg’unlashtirib, o’ziga xos naqqoshlik maktabi yaratdi, burttirib «kundal» usulida naqsh ishlashni keng qulladi. Navoiy teatri (1947), Bekoboddagi metallurglar madaniyat uyi, Toshkentdagi Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi (1968), «Ko’k gumbazlar» choyxonasi (1970), Samarqanddagi «Yulduz» restorani (1969) va boshqalar ko’pgina jamoat binolarini bezashda, Toshkent shahri (Polovtsev uyi, hozirgi Amaliy san’at muzeyi), Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi me’moriy yodgorliklarni ta’mirlashda qatnashdi. 1937 yildan respublika va xorijiy mamlakatlar ko’rgazmalarida Raufovning ishlaridan namunalar ham namoyish etilgan. Ad.: Naqqoshlik, T., 1973.