Ravel (Ravel) Moris Jozef
Ravel (Ravel) Moris Jozef (1875.7.3, Frantsiyadagi Sibur shahri — 1937.28.12, Parij) — frantsuz kompozitori. Parij konservatoriyasini tugatgan (1905). Ijodida dastlab musiqiy impressionizm, 1917 yildan neoklassitsizm tamoyillarini rivojlantirgan. Asarlari koloritining boyligi, shakl va ritmlar ravshanligi, mavzular xalq (ayniqsa, ispan) kuylariga yaqinligi bilan ajralib turadi. «Suv o’yini», «aks tasvirlar», «kechki Gaspar» (1905-08) asarlarida yangi fortepiano uslubini kashf etgan. Raqs kuylariga izchil murojaat qilib xoreografik simfoniya («Dafnis va Xloya» baleti, 1911), xoreografik poema («Vals», simfonik orkestr uchun, 1920) janrlarini yaratgan. 2 opera, 3 balet, 2 fortepiano kontserti, simfonik, vokalsimfonik va kamer asarlar muallifi. «Bolero» (1928) frantsuz simfonizmi cho’qqisidir. Uning musiqasi asosida Navoiy teatrida balet sahnallashtirilgan (1960). Ravel an’analari O’zbekiston kompozitorlari (A. Kozlovskiy, G. Mushel va boshqalar) ijodiga katta ta’sir etgan, S. Karimxo’jaev «Ravel xotirasiga» nomli xoreografik poema (1974) yaratgan.