Razzoq Abdurashid (1936)

Razzoq Abdurashid 1936 yil, 4 yanvarda Toshkentning Ko‘kcha dahasidagi Shopayizquloq mahallasida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.

1958 yildan boshlab, uning mustaqil ijod va xizmat faoliyati boshlandi. Vaqtli matbuotda birin-ketin she’rlari e’lon qilindi. 1962 yilda esa shoirning birinchi kitobi — «Yo‘l boshida» badiiy adabiyot nashriyoti tomonidan chop etildi. Bu kitobga kirgan she’rlarini saralashda ustozi, shoir Shuhratning xizmati katta bo‘lganini muallif hurmat va ehtirom bilan qayd etadi. Shundan so‘ng «Kaftimda olam», «Kayfiyat», «Bodom guli», «Musaffo osmon», «Yorug‘lik», «Ehtiros», «Otalar chirog‘i», «Yo‘l o‘rtasi», «Pritok», «Otchiy porog» (Moskva, «Sovetskiy pisatel»), «Babushka — skazka» («Detskaya literatura», Moskva) kabi 20 ga yaqin kitobi nashr etildi. U «Quyoshga qo‘l ko‘targan», «Toshfaryod», «Yulduzlar xayoli», «Umrdan lavhalar», «Tiriqlar» kabi qator dostonlar yaratgan.

Razzoq Abdurashidning tarjimon sifatida Pushkin, N. Hikmat, Rasul Rizo, R. Hamzatov, Musa Jalil she’rlarini, Samad Vurg‘un, Yegor Isayev dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. Ayniqsa, Samad Vurg‘unning haroratli tarjimoni sifati-da o‘quvchilar e’tiboriga tushdi. Mashhur ozar shoirining uchta kitobini tarjima qilib, o‘zbek kitobxonlariga taqdim etdi. Bular orasida «Asrimiz bayroqdori» dostoni, «Voqif» dramasi ham bor.