Real daromad

Real daromad — aholining pul daromadlariga sotib olishi mumkin bo’lgan tovar va xizmatlar miqdori. Real daromad aholining turmush darajasini ifodalovchi asosiy ko’rsatkichlardan biri hisoblanadi. Real daromad, odatda, sotib olish mumkin bo’lgan mol-mulk va tovar-moddiy boyliklar miqdori bilan o’lchanadi. Agar pul daromadi iste’mol bozoridagi narxlarga nisbatan tezroq o’ssa Real daromad ham oshib boradi. Real daromadni ko’paytirish uchun narxlarning keskin ko’tarilib ketishining oldini olish, ish haqini indeksatsiyalash, import o’rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirib, eksport daromadlarini ko’paytirib borish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.