Rebinder effekti

Rebinder effekti — qattiq sathda sirt faol moddalar (SFM) ning o’z-o’zidan adsorbtsiyalanib, sathda erkin energiyani kamaytirishi va ayni vaqtda o’zida qattiq jism mustahkamligini pasaytirishi. Qattiq jism mustahkamligining adsorbtsion pasayishi rus fizik kimyogari P. A. Rebinder tomonidan 1928 yilda kashf etilgan. Bu effekt korroziya, qattiq moddaning erishi va boshqa hodisalarga aloqador bo’lmay, faqat SFM adsorbtsiyasi bilan bog’liqdir. Dastlab gips, grafit, bariy karbonat, kaltsiy monokristallari kabi ayrim anorganik kristall moddalarning mustahkamligi SFM (olein va moy kislotalari, propil va boshqa spirtlar) eritmasida pasayishi kuzatilgan. Qattiq jism mustahkamligining adsorbtsion pasayishi zaminida fazalar chegarasidagi sirt taranglikning kamayishi yotadi. Bunda SFMning qattiq jismning ichki sathidagi mikrog’ovaklarda, tirqishlarda adsorbtsiyalanishi va SFM eritmasining yorilayotgan tirqishning ichichiga kirib (migratsiya), jarayonni davom ettirishi kuzatiladi. Rebinder effekti natijasida qattiq jismning deformatsiyasi va buzilishi osonlashadi. Rebinder effekti tsement sanoatida, un tayyorlashda, qattiq jismlarni maydalash, kesish bilan bog’liq barcha jarayonlarda, ya’ni dispers sistemalarning struktura mexanik xossalarini boshqarishda qo’llanadi.