Refraktometriya
Refraktometriya (lotincha Refractus singan va …metriya) — optik texnika bo’limi. Qattiq, suyuq va gazsimon moddalar yorug’lik spektrining turli sohalaridagi sindirish ko’rsatkichini o’lchash asosida ularning fizik-kimyoviy xossalarini tadqiq qilish usullari bilan shug’ullanadi. Refraktometriya miqdoriy kimyoviy analiz usullarining eng qulay usuli hisoblanib, kam miqdordagi (0,001 gramm) moddani katta aniqlikda (0,001%) tez analiz qilishga imkon beradi. Kimyoda murakkab organik birikmalarning tuzilishini aniqlashda foydalaniladi. Refraktometriya shaxtalardagi xavoni analiz qilishda, ayniqsa, metanning (portlaydigan gazlarning) kontsentrasiyasini bilishda muhimdir. Refraktometriya geologiyada minerallar kontsentrasiyasini, oziq-ovqat sanoatida mahsulotlarning sifatini, qishloq xo’jalik mahsulotlarining pishib yetilganlik darajasini aniqlashda, tibbiyotda esa me’da shirasi va boshqalar analizida, texnikada turla texnologik jarayonlarni boshqarish hamda avtomatik nazorat qilishda ko’llaniladi. Yorug’likning sindirish ko’rsatkichini aniqlash refraktometrlar yoki maxsus interferometrlar yordamida bajariladi. Ad:. Ioffe B. V., Refraktometricheskie metodi ximii, 2 izd., L., 1974.