Regional metamorfizm

Regional metamorfizm — tog’ jinslarining yo’nalgan (bir tomonga) va gidrostatik (har tomonga) bosim va temperaturada bo’lgan chuqur transmagmatik eritma (flyuid)lar ta’sirida sodir bo’ladigan o’zgarishlari majmui. Regional metamorfizm katta regionlar doirasida tog’ jinslari strukturasi va mineral tarkibining burmali tog’lar hosil bo’lishi va orogenez bilan bog’liq holdagi chuqur o’zgarishlarda namoyon bo’ladi. Tog’ jinslarining slanesli va gneysli teksturasi bir tomonlama bosim bilan bog’liq. Gidrostatik bosim chuqurlik bilan belgilanadi; bosimning ortishi bilan minerallar orasida metamorfik reaktsiyalar vujudga keladi, natijada tog’ jinslarining hajmi kamayadi. Gidrostatik bosimiga qarab metamorfik jinslarning chuqurlik fasiyalari harorati bo’yicha Regional metamorfizmning yuqori, o’rtacha va past darajasi farqlanadi. Regional metamorfizm mahsulotlari (amfibolitlar, gneyslar, migmatitlar) qadimgi qalqonlar va kristalli massivlarda yer yuzasiga chiqib qolgan. Katta chuqurliklarda Regional metamorfizm odatda, bir xil tarkibda bo’lib, yuzaroqda esa turlicha darajada bo’ladi. Metamorfizm darajasi antiklinoriylar, granitgneysli gumbazlarda kamroq kuzatiladi.