Rejodi-Kalabriya

Rejodi-Kalabriya — Italiyaning Janubiy qismidagi shahar. Rejodi-Kalabriya provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 179,4 ming kishi (2001). Transport yo’llarining muhim tuguni. Messina bo’g’ozi sohilidagi port. Messina shahri (Sisiliya oroli)ga temir yo’l paromi qatnaydi. Oziq-ovqat, yog’ochsozlik sanoati rivojlangan. Vagonsozlik korxonalari mavjud. Tsitrus essentsiyalari, xushbo’y moylar ishlab chiqariladi. Baliq ovlanadi. Universitet, geofizika rasadxonasi, milliy muzey bor. Shaharga miloddan avvalgi 720 yilda asos solingan. Yunonlar ibodatxonasi qoldiqlari (miloddan avvalgi 4-asr) saqlangan. Turizm rivojlangan. Tez-tez zilzila bo’lib turadi.