Rekapitulyatsiya

Rekapitulyatsiya (lotincha recapitulatio) (biologiyada) — embriogenezda organizmning voyaga yetgan ajdodlari belgilarining takrorlanishi. Yuksak organizmlar embrionining birmuncha tuban tuzilgan guruhlar voyaga yetgan davriga o’xshashligini ilk bor nemis biologi I. Mekkel (1811) aniqlagan. Masalan, yuksak umurtqalilar ontogenezida bosh buyrak (pronefros)ni avval tana buyrak (mezonefros), so’ngra chanoq buyrak bilan almashinishi ular ajdodlarida ayirish sistemasining rivojlanishi davrlarini; paporotniklarda dastlabki barglarning dixotomik shoxlanishi ular ajdodlari — paleozoy davridagi riniofitlar uchun xos bo’lgan poyaning dixotomik shoxlanishini takrorlaydi. Biogenetik qonunda (E. Gekkel, 1866) Rekapitulyatsiyaga ontogenezning evolyutsion tarkib topishi natijasi sifatida qaraladi, ya’ni tarixiy rivojlanish davomida organizmlarning o’zgarib borishi tufayli ajdodlarga xos bo’lgan tuzilish belgilari ularning embrioniga o’tgan va avlodlarning individual rivojlanishda embrional belgilar sifatida takrorlangan. Rus olimi A. N. Seversov Rekapitulyatsiyani butun bir organizm uchun emas, balki ayrim organlar uchun xos ekanligini ko’rsatdi.