Rele
Rele (Fransuzcha relayer — almashtirmoq) — biror qurilma yoki jarayonning parametrlari qiymati yoki yo’nalishi o’zgarganda ijro etish mexanizmga ta’sir qiladigan avtomatik qurilma. Nazorat qilinadigan parametrlar (bosim, temperatura, kuchlanish va boshqalar) ga qarab, akustik, vaqt, himoya, mexanik, optik, issiqlik, elektromagnit, o’lchamlar Relesi va boshqa xillarga bo’linadi. Akustik Rele akustik parametrlar (chastota, bosim), tebranishlar yoki materiallarning akustik xarakteristikalar (yutilish yoki qaytarish koeffisienti va boshqalar) ni nazorat qiladi. Vaqt Relesi avtomatik qurilma uzellari orasida yoki bir qurilmadan ikkinchi qurilmaga ta’sirlar uzatishda zarur kechikish hosil qiladi. Asosan, sezuvchi qubul qiluvchi (boshqarish signali kelganda Releni ishga tushiruvchi), sekinlashtiruvchi va ijro etuvchi (boshqariladigan qurilma yoki sxemaga ta’sir etuvchi) qismlardan iborat. Sekinlashtirish usuliga qarab, vaqt Relesi elektr, magnit, mexanik, elektromexanik, termik, gidravlik va pnevmatik xillarga bo’linadi. Himoya Relesi elektr uzatish liniyalari va elektr jihozlarini, sanoat va elektr qurilmalarini qisqa tutashuv va noto’g’ri rejimdan saqlash uchun qo’llaniladi. Sezish organiga qarab, tok, kuchlanish, quvvat, qarshilik va chastota, himoya Relelari, Releni qayta ishga tushiradigan omilga ko’ra, elektromagnit va induktsion xillarga bo’linadi. Mexanik Rele mexanik miqdorlar (siljish, tezlik va boshqalar) yoki moddalarning mexanik parametrlari (zichligi va boshqalar)ni nazorat qiladi. Asosan, turli mexanik datchiklardan iborat. Tuzilishiga ko’ra, akustik, issiqlik, optik, magnit, elektr, radioaktiv izotopli va boshqalar, ishga tushirish usuliga qarab, elektr, pnevmatik, gidravlik xillarga bo’linadi. Optik Rele (fotorele) optik miqdorlar (yorug’lik oqimi va boshqalar) o’zgarishini nazorat qiladi. Mexanik, elektr va fotokimyoviy xillari bor. Odatda, optic miqdorlar datchiklaridan iborat. Issiqlik Relesi tra, issiqlik oqimi va boshqalarni nazorat qiladi. Mexanik, elektr, optik va akustik xillari bor. Mexanik issiqlik Relesi issiqlik ta’sirida elementlarning chiziqli yoki hajmiy kengayishiga, moddalarning qattiq holatdan suyuq holatga yoki suyuq holatdan gaz holatiga o’tishiga, gazlarning zichligi yoki qovushoqligi o’zgarishiga asoslangan. Elektr Relesi temperatura o’zgarganda o’tkazgich yoki yarimo’tkazgich materiallarning solishtirma qarshiligi o’zgarishiga, dielektrik doimiysi, magnit o’tkazuvchanligi yoki issiqlik e.yu.k. o’zgarishiga asoslangan. Elektromagnit Rele elektr toki o’zgarishini sezadi. Sezgir organi — chulg’am va qo’zg’aluvchi qism (yakor va o’zak) li magnit tizim, ijrochi organi — kontakt. Chulg’amidan o’tayotgan tok kuchi o’zgarganda yakor yoki o’zagining tortilishi hisobiga kontaktlari ulanadi yoki uziladi. Bunday Rele, Masalan, sovitkichlarda ishlatiladi. O’lchamlar Relesi — detallar o’lchamlarining belgilangan qiymatini nazorat qiladi. Asosan, qo’zg’aluvchan va qo’zg’almas kontaktlardan iborat. Detalning o’lchami o’zgarsa, kontaktlar tutashib yoki ajralib, signal beruvchi elektr zanjirini ulaydi yoki uzadi. Rele energetika, aloqa, signalizatsiya, telemexanika va avtomatikada keng qo’llaniladi.