Rentgen spektrlari
Rentgen spektrlari — to’lqin uzunliklarining 10~4 dan 103 A gacha sohasidagi elektromagnit nurlanishlar, ya’ni rentgen nurlanishning chiqarish va yutish spektrlari. Rentgen spektrlari tutash (yaxlit) va chiziqli (xarakteristik) bo’ladi. Tutash Rentgen spektrlari zaryadlangan zarralar (elektron, proton, mezon va hokazolar) ning antikatodga urilib tormozlanishi jarayonida vujudga keladi. Chiziqli Rentgen spektrlari elektronlarning antikatodga urilib, o’z energiyasini antikatod atomlariga berishi natijasida hosil bo’ladi. Chiziqli Rentgen spektrlari bir-biridan keskin ajralib turadigan ayrim chiziqlardan iborat bo’ladi. Tutash Rentgen spektrlarining xususiyati antikatod materialiga emas, zaryadlangan zarralarning massasi va ularni tezlatuvchi potentsialga bog’liq. Tormozlanish spektrlari intensivligi taqsimoti to’lqin uzunligiga qarab efi chiziq bilan ifodalanadi. Chiziqning qisqa to’lqinli chegarasi antikatodga urilayotgan zaryadlangan zarraning energiyasiga bog’liq, Masalan, elektronlarni tezlatuvchi potentsial f=100 KB ga teng bo’lganida, tutash spektrdagi eng qisqa to’lqin uzunligi 0,123 A bo’ladi. Uyg’otuvchi elektronlarning energiyasi biror kritik qiymatdan ortiq bo’lmaganda, tutash spektr, ularning energiyasi kritik qiymatga teng yoki undan katta bo’lsa, chiziqli spektr hosil bo’ladi. Chiziqli Rentgen spektrlarining xususiyati esa antikatod materialiga bog’liq. Har bir elementning o’ziga xos chiziqli Rentgen spektrlari bor. Ingliz olimi G. Mozli nurlanuvchi elementlarning Rentgen spektrlariini tadqiq qilib (1913), ularning spektr chiziqlari chastotasi bilan chiziqlarni hosil qiluvchi elementning atom tartib raqami orasidagi bog’lanishni ifodalovchi qonunni kashf etdi. Rentgen spektrlari rentgen spektroskopiyasi, rentgen spektr tahlili, rentgen struktura taxlili va boshqalarda qo’llaniladi.