Reologiya
Reologiya (Yunoncha rheos — oqish, oqim va … logiya) — moddalar (jismlar) ning oquvchanligi va deformatsiyalanishi bilan bog’liq jarayonlarni o’rganish bilan shug’ullanadigan fan. Reologiyada turli qovushqoq, plastik materiallarning qaytmas qoldiq deformasiyasi va oqishi bilan bog’liq jarayonlar xamda siljish (elastiklikning keyingi ta’siri va kuchlanish relaksatsiyasi) hodisalari ko’riladi. Reologiya iborasini ilk bor Amerikalik olim Yu. Bingam kiritgan va rasman 1929 yilda qabul qilingan. Reologiya muammolari texnikada turli ishlab chiqarish jarayonlari texnologiyasini yaratishda, har xil materiallar (metall, polimer, grunt, beton, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar)ga taalluqli loyihalash va konstruktorlik hisoblash ishlari va boshqalarda ko’p uchraydi. Reologiyaning bir necha bo’limlari mavjud. Nazariy Reologiya (fenemologik Reologiya yoki makroreologiya) ni tutash muhitlar mexanikasining bir qismi deb qarash mumkin. U gidromexanika va deformatsiyalanuvchi qattiq jismlar mexanikasi orasidagi o’rinni egallaydi. Reologiya jismga ta’sir etuvchi mexanik kuchlanishlar bilan ular hosil qilgan deformatsiyalar orasidagi munosabatlarni va ularning vaqt bo’yicha o’zgarishlarini aniqlaydi. Tutash muhitlar mexanikasidagi materiallarni bir jmneli va tutash, degan farazlarga binoan nazariy Reologiyada qattiq, suyuq va boshqa jismlarning deformatsiyalanishi va oqishiga taallukli turli chegaraviy masalalar yechiladi. Materiallarning reologik holatini ifodalash uchun mexanik modellar tuzilib, ulardan polimerlarning mexanik xususiyatlarini, qattiq jismlardagi ichki ishqalanishni va Real jismlarning boshka xususiyatlarini o’rganishda foydalaniladi. Eksperimental Reologiya (reometriya) moddalarning turli reologik xususiyatlarini maxsus asboblar va sinash mashinalari yordamida o’rganadi. Mikroreologiya mikrohajmlar (Masalan, dispers tizimlardagi dispers fazasi zarrachasi) dagi deformasiya va oqish jarayonlarini urganadi. Bioreologiya odam va hayvonlardagi har xil biologik suyuqlik (masalan, qon va boshqalar) ning oqishi, turli to’qimalar (mushak, suyak, qon tomirlari) dagi deformatsiyalarni o’rganadi. Reologiya asosida I. Nyutonning qovushqoq suyuqliklar harakatiga qarshilik qonunlari, Navestoks, J. Maksvell, U. Tomson va boshqalarning tadqiqotlari yotadi. Bu fanning rivojlanishiga o’zbek olimlari H. Rahmatullin, J. Fayzullayev (suyuqliklar Reologiyasi), T. Rashidov, T. Shirinquyaov, G’. Hojimetov (qattiq jism va gruntlar Reologiyasi) va boshqalar hissa qo’shishgan. G’aibnazar Hojimetov.