Repressiya

Repressiya (so’nggi lotincha Repression — bosim, tazyiq) — davlat organlari qo’llaydigan jazo chorasi, qatag’on qilish. Asosan, mustabid, totalitar, mustamlakachi davlat tomonidan xalqqa nisbatan qo’llaniladigan jazolash, qatli om, qatli nufus, ommaviy tarzda zulm o’tkazish tushunchalarini ifodalaydi. Ommaviy jazolash, qiynoqqa solish choralari mustabid davlatlarning xalqni asoratda ushlash, qo’rqitish, bosim o’tkazish qurolidir. Mustamlakachi davlatlar o’zlariga tobe o’lkalarda xalqning noroziligini, ijtimoiy-siyosiy, ozodlik xarakatini bostirish, tag tugi bilan yo’qotish uchun harbiy, siyosiy, iqtisodiy Repressiyani qo’llaganligi tarixdan ma’lum. Masalan, chor hukumati Turkistonni bosib olgan birinchi kundan xalqni qo’rqitish, vahimada ushlash siyosatini olib bordi. Dastlab, istilochi general M. Chernyaev 1865 yil Toshkent mudofaasining rahbari Mulla Solihbek dodxoh To’yoqbiy o’glini 2 shartnomaga imzo chekishdan bosh tortgani uchun 8 nafar sherigi bilan sudsiz, so’roqsiz Tomsk shahriga surgun qilib, Repressiyani qo’llagan edi. Keyin chor hukumati 1892 yilgi «vabo qo’zg’oloni» (Toshkent) davrida ham bunday chorani qo’llab, tinch aholidan bir qancha kishini otib tashladi, qo’zg’olon rahbarlaridan Sharifxo’ja qozi Poshoxo’jayev, In’omxo’ja oqsoqol Umarxo’jayevni surgun qildi. 1898 yil qo’zg’oloni bostirilgach, Mingtepa qishlog’i to’pga tutilib, aholisi qirildi, 22 mingdan ortiq kishi o’ldirildi, surgun qilindi. Shuningdek, 1916 yilgi mardikorga olish jarayonida qo’zg’olon ko’targan Toshkent, Jizzax aholisiga nisbatan repressiv choralar ko’rildi. Sobiq sho’rolar hukumati ham mahalliy xalqlarga qarshi Repressiyalar olib bordi. Turkiston muxtoriyatini bostirish, yer islohotini o’tkazish, jamoalashtirish davrida minglab odamlar qatag’onga uchradi, mol-mulklari tortib olindi, juda ko’p oilalar Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Sibirga surgun qilindi. O’zbekistonda 1928, 1929, 1930-yillarda katta siyosiy jarayonga aylangan «milliy ittihodchilar ishi», «Badriddinovchilar», «Qosimovchilar», «maorif xalq komissarligi ishi» kabi Repressiyalar o’tkazildi. Sovet qukumati sobiq Yustisiya komissarligining «revolyutsion tribunal» (1917 yil 19 dekabr) instruktsiyasi, Xalq Komissarlari Sovetining «Qizil terror» (1918 yil 5 sentabr), sobiq SSSR miq Prezidiumining 1932 va 1934 yillarda qabul qilgan g’ayriinsoniy qonunlari va qarorlari hamda «SSSR prokurorining direktivasi» (1935 yil 23 yanvar) asosida millionlab kishilar OGPU kollegiyasi, maxsus, «uchlik», NKVD — mgb — MVD ning maxsus kengashi, harbiy sud tomonidan guvoh, dalil, isbotsiz qamaldi, otildi, surgun qilindi, qo’shimcha jazo mudsatini o’tamay vataniga qaytib kelishiga ruxsat berilmadi. 1937-38 yillarda jazoga tortilgan kishilarning mol-mulki musodara qilindi, hatto norasida bolalari ham turli tutkingohlarda saqlandi. Shu yillarda amalga oshirilgan ruhoniylar, millatchilar ishi bahonasida talaygina adabiyot, san’at, ilm-fan va din arboblari Repressiya qilindi. Sobiq hukumat bu bilan kifoyalanmay 20-asrning 40-50-yillarida taslimchilik, antisovetchilik bahonasida o’zbek ziyolilariga qarshi navbatdagi Repressiyani qo’lladi. 80-yillarda katta shovshuv ostida «paxta ishi» nomi bilan yangi Repressiya boshlanib, minglab begunoh kishilar qatag’onga uchradi. Prezident I. Karimov O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishishi arafasidayoq sho’ro tuzumi davom ettirib kelayotgan adolatsizliklarga barham berish, haqiqatni tiklash, begunoh qatag’on qilinganlarni oqlash choralarini ko’rdi. Keyinchalik O’zbekiston Respublikasi Prezidentning Farmoyishi (1999 yil 12 may)ga muvofiq mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish jamoatchilik komissiyasi, Vazirlar Mahkamasining «Vatan va xalq ozodligi yo’lida qurbon bo’lgan fidoyilar xotirasini abadiylashtirish to’g’risida»gi qarori (1999 yil 22 iyul) va shu qarorga muvofiq, «Shahidlar xotirasi» xayriya jamg’armasining tuzilishi va Toshkentda «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuining barpo etilishi, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qatag’on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to’g’risida»gi farmoni (2001 yil 1 may) va unga binoan «Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyini tashkil etish to’g’risida»gi qaror (2001 yil 1 may) Repressiyaga uchragan xalqimiz asl farzandlari xotirasini tiklash ishiga katta hissa bo’lib qo’shildi. Har yili Mustaqillik bayrami arafasi — 31 avgustda O’zbekistonda qatag’on qurbonlarini yod etish kuni nishonlanadigan bo’ldi. Sirojiddin Ahmedov.