Resifi, Pernambuku

Resifi, Pernambuku — Braziliyadagi shahar, Janubiy Amerikaning eng Sharqiy chekkasida. Pernambuku shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 1,4 million kishi (2000). Braziliyaning Atlantika okeani sohilidagi muhim porti (chetga shakar, tropik mevalar, paxta, teri xom ashyosi, yog’och chiqariladi). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning shimoli sharqidagi muhim iqtisodiy markaz. Oziq-ovqat (asosan, shakarqand, tamaki), to’qimachilik, mashinasozlik, tsement, kimyo, ko’npoyabzal sanoati korxonalari mavjud. Universitetlar, Filologiya akademiyasi, shtat muzeyi bor. Shaharga 1548 yilda baliqchilar qishlog’i o’rnida asos solingan. Mustamlakachilik davriga oid ko’plab me’moriy yodgorliklar (monastir, qal’a, cherkovlar) saqlangan. Turizm markazlaridan.