Reto-roman tillari
Reto-roman tillari — roman tillarining Shveytsariya hamda Shimoliy Italiyada tarqalgan nisbatan qadimgi guruhchasi. Ushbu termin qadimgi Rim viloyati Raetia — Retiya nomidan hosil bo’lgan. Reto-roman tillarida retoromanlar (romanshlar, lidinlar, friullar) so’zlashadi. Reto-roman tillarida so’zlashuvchilarning umumiy soni 750 ming kishidan ortiqroq; jumladan, boy adabiyotga ega bo’lgan friul tilida 700 mingdan ortiq kishi so’zlashadi. Reto-roman tillari asosan, 3 ga bo’linadi: shveytsar (graubyunden) Reto-roman tillari (Shveytsariyaning Graubyunden kantoni), Tirol (Ladin) Reto-roman tillari (Italiya) va friul (Italiya). Ba’zi manbalarda har uchala til yagona retoroman tilining variantlari deb ham qaraladi. Ba’zi belgilariga ko’ra, Reto-roman tillari tipologik jaxatdan frantsuz tiliga yaqin bo’lib, italyan tiliga qarshi qo’yiladi. Shveytsar Reto-roman tillari 1938 y.dan federatsiyaning 4-milliy tili deb e’lon qilingan. Uning yuqori Engadin va surselv variantlari mavjud: ular italyan va nemis tillari bilan bir qatorda bir yil oralatib navbatlashib, kantonning milliy tili sifatida qo’llanadi. Shveytsariyada Reto-roman tillarining badiiy adabiyot va matbuot tiliga aylantirishga harakatlar bo’lgan. German lahjalari tarqalgan hudud bilan chegaradosh joylarda roman va German lug’aviy unsurlarining aralash qo’llanish hollari kuzatilsa, ba’zi boshqa joylardagi Reto-roman tillarida xalqona lotin tilining ayrim alomatlari saqlanib qolgan. Abduvahob Madvaliyev, Isroil Po’latov.