Revmatologiya

Revmatologiya (revmatizm va …logiya) — klinik tibbiyot bo’limi. Revmatologiya revmatik kasalliklarni: biriktiruvchi to’qimalarning sistemali kasalliklari (revmatizm, sistemali qizil volchanka, sistemali sklerodermiya, dermatomiozit va tugunchali periarteriit), artritlar (revmatoid va boshqalar), osteoartrozlarni o’rganadi. Revmatologik kasalliklar 120 dan ortiq nozologik shakllarni o’z ichiga oladi. Revmatologiya masalalari bilan klinisistlar, morfologlar, immunolog va biokimyogarlar, fiziologlar, Radiologlar va boshqalar shug’ullanadi. Revmatologiya nefrologiya, kardiologiya, gematologiya, pulmonologiya va tibbiyotning boshqa bo’limlari bilan chambarchas bog’liq. Bo’g’imlarning (revmatik) yallig’lanishini dastlab Gippokrat tavsifladi. «Revmatizm» terminini tibbiyotga birinchi bor 2-asrda Galen kiritdi. 19-asrga kelib revmatizm harakat organlarining boshqa kasalliklaridan ajratib o’rganila boshlandi. 19-asrning 30-yillarida zamonaviy Revmatologiya ning asoschilari — frantsuz olimi J.B.Buyo va rus olimi G.I.Sokolskiy bo’g’imlar yallig’lanishi bilan yurak zararlanishi o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni aniqladilar (shuning uchun revmatizm Buyosokolskiy kasalligi deb ham ataladi). S.P.Botkin revmatizmning infektsiyaga aloqadorligini ochib berdi. O’zbekistonda 30-yillardan revmatizmga qarshi davo choralari ko’rilishi munosabati bilan Revmatologiya mustaqil ilmiy-amaliy fan sifatida shakllandi. Bunda terapevt professorlar M.I. Slonim, Z.I.Umidova va boshqalarning. hissasi katta. Revmatizm, bo’g’im va biriktiruvchi to’qima kasalliklari muammolari bilan akademik R.A.Katsenovich, I.A.Mirzoyan, S.N.Yo’ldosheva, N.R.Nuriddinov, X.I.Yanbayeva, T.S.Soliyev va boshqalar shug’ullanadi. Revmatoidli artrit, bodniig tarqalishi, rivojlanishi, klinik kechishi o’rganildi (R.A.Qoraboeva), revmatik kasalliklarda immun holat ustida tadqiqot olib borildi. Keyingi yillarda yirik davolash va ilmiy muassasalar negizida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan ambulatoriya davolash kursi markazlarining kengaytirilishi revmatoidli artrit, shakl buzuvchi osteoartroz, podagra, ankilozlovchi spondiloartrit (Bexterev kasalligi) kabi kasalliklar ustida tadqiqot ishlarini rivojlantirishga imkon berdi. Aholi o’rtasida revmatizmning tarqalishini kamaytirish, ayniqsa, bolalar va o’smirlarda yuraktomir sistemasini zararlaydigan revmatik kasalliklarning oldini olish, bemorlarni har tomonlama tekshirish, kasallikni tez aniqlash va ularga tibbiy yordam ko’rsatish ishini tobora yaxshilash, Revmatologiya markazlarini kengaytira borish, davolash usullarini takomillashtirish Revmatologiyaning hozirgi dolzarb vazifalariga kiradi. To’xtasin Soliyev.