Rezina, rezinka

Rezina, rezinka [lotincha resina — qatron (smola)], vulkan izat — kauchukni vulkanizasiyalab olinadigan, elastik deformatsiyalanishi juda yuqori (1000% gacha) bo’lgan mahsulot. Vulkanizatsiyalanadigan Rezina aralashmasining asosiy komponentlari: tabiiy yoki sintetik kauchuk, vulkanizatsiyalanuvchi agentlar, vulkanizasiya tezlatkichlari, vulkanizatsiya tezlatkichlari faollashtiruvchilari, to’ldirgichlar, dispergatorlar, yumshatkichlar, eskirtmaydigan, charchamaydigan moddalar, antiozonatlar, bo’yagichlar va boshqalar. Rezina quyidagi asosiy guruhlarga bo’linadi:umumiy maqsadlarda ishlatiladigan Rezina. Bunday Rezina (shina, oyoq kiyimi, Pol qoplamalari, transportyor tasmalari, qayish, qistirma, zichlagich, amortizator, maishiy buyumlar va hokazolar) -50 dan +150 gacha temperaturada ishlatishga mo’ljallangan; 150° dan yuqori temperaturada uzoq vaqt ishlatishga (mashina, elektr dvigatel, samolyot detallariga mo’ljallangan) issiqqa chidamli Rezina; — 50° dan past temperaturada ishlatishga mo’ljallangan sovuqqa chidamli Rezina, benzin, kerosin, neft, moy, turli uglevodorodlar uchun uzoq vaqt ishlatishga mo’ljallangan (shlang, zichlagich, turli idishlar va hokazolar) moybenzinga chidamli Rezina; turli yemiruvchi muhitlar ta’siriga chidamli Rezina. Bunday Rezinadan ishlangan buyumlar kislota, ishqor, tuzlar, bug’, ozon, erituvchilar, suv va hokazolar uchun mo’ljallanadi; gaz to’ldirilgan (g’ovak) Rezina radiatsiya ta’siriga chidamli Rezina rentgen apparati detallari, radioaktiv izotoplar bilan ishlaydiganlarning himoya kiyimlarini tayyorlashda qo’llanadi; Dielektrik Rezinaning dielektrikligi kichik, elektr qarshiligi katta, asosan, turli kabellar tayyorlashda ishlatiladi. Rezinaning xossasini belgilovchi asosiy material kauchukdir. Kauchuk Rezinaning 10-98% ini tashkil etadi. 150-180° da ishlatiladigan buyumlar butil kauchukli yoki etilen sopolimerli Rezinadan tayyorlanadi. Bunday Rezina ozonga va yemiruvchi muhit ta’siriga chidamlidir. Molekulalararo ta’sirlashish kuchi kichik, molekulyar zanjirchasi egiluvchan kauchuklardan sovuqqa chidamli Rezina ishlanadi. 300° va undan yuqori temperaturali ishlarda elementorganik kauchuklar (kremniy organik va alyuminiy organik) asosida tayyorlangan Rezina qo’llanadi. Mineral to’ldirgichli Rezina yaxshi dielektrik hisoblanadi. Kauchukka atsetilen tipidagi yuqori strukturali qurum qo’shib elektr o’tkazuvchi Rezina hosil qilish mumkin. Nurdan saqlovchi Rezina olish uchun ko’pincha ftorli va butadiennitrilli kauchuklar ishlatiladi. Kauchuklarni vulkanizatsiyalash maqsadida oltingugurt, organik peroksidlar (masalan, benzoil peroksid, dikumal peroksid), apkilfenolformaldegid va epoksid smolalari, diazobirikmalar, diaminlar va boshqa bifunktsional birikmalar ishlatiladi. Radiatsion vulkanizatsiya ham qo’llanmoqda. Vulkanizatsiyani tezlashtirish maqsadida Rezina tarkibiga maxsus tezlatkichlar va ularning faollashtiruvchilari qo’shiladi. Oltingugurt bilan vulkanizatsiyalashda tezlatkich sifatida sulfenamidlar, diokarbamidlar, tchuramdisulfid merkaptobenzotiazol, difenilguanidin kabi birikmalardan foydalaniladi. Qurum, kolloid silikat kislota, bo’r, kaolin, metal oksidlari, silikatlar, baritlar Rezina to’ldirgichlar sifatida ko’plab ishlatiladi. To’ldirgichlar Rezinaning bikirligini oshiradi. Dunyo miqyosida ishlab chikariladigan sintetik kauchuklar va ular asosidagi Rezinaning 50% dan ortig’i shina ishlab chiqarishga sarflanadi. Rezina keng temperatura oralig’ida elastikligi, amortizatsiya xususiyati, ishqalanishga chidamliligi, suv va gazni kam o’tkazishi va boshqa xossalariga ko’ra konstruktsion material sifatida turli sohalarda keng qo’llanadi. Abdulahad Jalilov.