Rezistor

Rezistor (lotincha resisto — qarshilik ko’rsataman) — radio va elektrtexnika qurilmalari elektr zanjirining strukturaviy (tugal buyum ko’rinishidagi) elementi; asosiy vazifasi — elektr tokiga faol qarshilik ko’rsatish. Qarshilikning nominal qiymati (bir necha Om dan 1000 gom gacha), undan og’ish qiymati (0,001—20%) va maksimal sochish quvvati (Vt ning yuzlarcha ulushlaridan bir necha MVt gacha) bilan tavsiflanadi. Tayyorlanadigan materialiga qarab, Rezistor metall, uglerodli, suyuqlikli va yarimo’tkazgichli; qarshilik turiga qarab, o’zgarmas va o’zgaruvchan xillarga bo’linadi. Bulardan tashqari, qarshiligi kuchlanishga (maxsus; varistorlar), temperaturaga (termorezistorlar), yoritilganlikka (fotorezistorlar) va deformatsiyaga (tenzodatchik) bog’liq bo’lgan xillari bor. Rezistor yordamida radioelektron qurilmalarda tok kuchi va kuchlanish rostlanadi, temperatura, yorug’lik kuchi o’lchanadi va boshqalar. Termobardosh materiallardan tayyorlangan ba’zi Rezistor qizdirish elementi sifatida ishlatiladi.