Rim pakti
Rim pakti — Italiya va Frantsiya o’rtasida tuzilgan bitim. 1935 yil 7 yanvarda B. Mussolini va Frantsiya tashqi ishlar vaziri R. Laval tomonidan imzolangan. Undan ko’zlangan maqsad 2-jahon urushi arafasida kuchlar muvozanatini yuzaga keltirishga urinish edi. Rim paktiga ko’ra, Frantsiya Afrikadagi o’z mustamlaka hududlarining ma’lum qismini Italiyaga bo’shatib berdi. Buning evaziga Italiya Chad ko’li havzalariga qilinayotgan da’volarini, Tunisda olib borilayotgan aksilfrantsuz tashviqotini to’xtatish majburiyatini oldi. Rim pakti Frantsiya taxmin qilganidek, Germaniya—Italiya yaqinlashuvini bartaraf etmadi, ayni vaqtda, Italiyaning 1935-36 yilgi Efiopiyaga qilgan tajovuzi amalga oshishiga imkon yaratdi.