Risling

Risling (nemischa Riesling), Reyn rislingi — vinobop o’rtapishar uzum navi. Reyn daryosi vohasida xalq selektsiyasida yaratilgan qadimgi navlardan biri. Risling jahondagi tok ekiladigan barcha mamla- katlarda tarqalgan. O’rta Osiyoda, Moldaviya, Ukraina, Qozog’iston va Ozarbayjonda ham ekiladi. Tupi o’rtacha o’sadi. Bargining diametri 14— 16 santimetr, yumaloq, besh bo’lmali, tusi to’q yashil, arra tishli, ters tomoni siyrak tukli. Guli ikki jinsli. Hosili faol harorat yig’indisi 2700-3000° bo’lganda 155-170 kunda, avgust boshlarida pishadi. Uzum boshi tsilindrkonussimon, bo’yi 12-15 santimetr, eni 6-8 santimetr, vazni 100-130 gramm. G’ujumi o’rtacha, dumaloq, och yashil, eti sershira, tarkibida 17-19% qand, 8-9% kislota bor. Hosildorligi 80-100 ts/ga (O’zbekiston sharoitida eng yuqori hosildorlik 290 ts/ga). Qurg’oqchilik va sovuqqa bardoshi yuqori, kasallik va zararkunandalarga chidami past. Risling uzumidan, umuman, ovqat ustida ichiladigan engil oq vinolar, mashhur Reyn va model yengil vinolari, O’rta Osiyoda esa kuchli va desert vinolar tayyorlanadi.