Rizamat

Rizamat — o’rtapishar mahalliy xo’raki va mayizbop uzum navi. Shreder nomidagi bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Kattaqo’rg’on va Parkent uzum navlarini chatishtirib chiqarilgan (K. V. Smirnov, A. F. Gerasimova). Mashhur Sohibkor Rizamat Musamuhamedov sharafiga uning nomi bilan atalgan. Tupi o’rtacha o’sadi. Barglari o’rtacha, yumaloq, besh bo’lmali, sal kertikli, ters tomoni silliq. Guli ikki jinsli. Uzumi avgust sentabrda pishadi. Uzum boshi yirik, tig’izligi o’rtacha, konussimon, vazni 300-550 gramm, g’ujumi yirik, tsilindr shaklida, yonbosh tomoni pushti. Po’sti yupqa, eti zich, karsildoq, uzumi ko’rinishining bejirimligi va yaxshi ta’mi bilan ajralib turadi. Kurtagi bo’rtgandan keyin faol harorat yig’indisi 3000° bo’lganda 150 kunda pishadi. Tarkibida 20-22% qand bor. Hosiddorligi 200-250 ts/ ga. Novdalari yaxshi pishadi. Sovuqqa chidamsizroq, rag’a, kul kasalligiga bardoshi yuqori emas.