Roman tillari

Roman tillari — hind-yevropa tillari oilasiga mansub qardosh tillar guruhi; ularning barchasi lotin tilidan kelib chiqqanligi, umumiy rivojlanish qonuniyatlari va til qurilishidagi ko’plab umumiy unsurlar bilan o’zaro bog’lanadi. «Roman» termini (lotincha romanus — «Rimga tegishli», «Rim imperiyasiga aloqador» ma’nosida) dastlab, ilk o’rta asrlarda, klassik lotin tilidan hamda german lahjalaridan farq qiluvchi xalq tilini ifodalagan; Ispaniya va Italiyada Roman tillari «yangi lotin tillari» deb ham atalgan. Roman tillari 60 dan ortiq mamlakatda (masalan: frantsuz tili 30 ta, ispan tili 20 ta, portugal tili 7 ta, italyan tili 3 ta mamlakatda) milliy yoki rasmiy til sifatida qo’llanadi: ularda 600 milliondan ortiq kishi so’zlashadi. Tilshunoslikda Roman tillarining soni haqida yagona fikr yo’q. Hozirgi tegishli ishlarda ular ko’pincha 12 ta deb ko’rsatiladi: ispan, galitsi(ya), portugal, katalan, oksitan (provansal), frantsuz, italyan, sard, retoroman, rumin, moldavan va 19-asrdan o’lik hisoblanadigan Dalmat tillari. Roman tillarining bir tekis rivojlanmaganligi ham ularni chegaralash, aniq sonini belgilashni qiyinlashtiradi. Roman tillarining tarqalish hududi 3 ga ajratiladi: 1) «eski Romaniya» — Yevropaning Rim imperiyasi tarkibiga kirgan va romancha nutqni saqlab qolgan qismi, Roman tillarining shakllanish markazi (Italiya, Portugaliya, deyarli butun Ispaniya va Frantsiya, Belgiyaning janubi, Shveytsariyaning g’arbi va janubi, Ruminiya va Moldaviya respublikalarining asosiy qismi, shimoliy Gretsiya, Makedoniya kabilar); 2) «yangi Romaniya» — 16-18-asrlarda mustamlakachilik harakatlari natijasida Yevropadan tashqarida Roman tillarida so’zlashuvchi aholi paydo bo’lgan hududlar (Shimoliy Amerikadagi Kanada va Meksika mamlakatlari, Markaziy Amerikaning asosiy qismi, Janubiy Amerika, Antil orollari); 3) mustamlakachilik siyosati natijasida Roman tillari mahalliy tillar bilan birga rasmiy tilga aylangan mamlakatlar (Afrikaning kattagina qismi, Janubiy Osiyo va Okeaniyadagi uncha katta bo’lmagan hududlar). Roman tillari Rim imperiyasi tarkibiga kirgan hududlardagi xalqona lotin tilining davomi va tadrijiy rivoji hisoblanadi. Roman tillari rivojida 4 bosqich farqlanadi: 1) miloddan avvalgi 3-asr milodiy 5-asr — romanlashuv davri — mahalliy tillarning xalqona lotin tili bilan almashinishi. Bo’lajak Roman tillari o’rtasidagi tafovutlar shu davrdayoq namoyon bo’la boshlaydi; 2) 5-9-asrlar — Roman tillarining Rim imperiyasi parchalanishi va varvar davlatlarining tashkil topishi sharoitidagi shakllanish davri. Roman tillariga superstrat unsurlar (ya’ni bosqinchi germanlar, vestgotlar, franklar, burgundlar, lombardlar va boshqalar) ning kuchli ta’siri bilan ajralib turadi. Roman tillarining lotin tilidan va bir-biridan aniq farqli jihatlari kuchaya boradi; 3) 10-16-asrlar — Roman tillarida yozuvning rivojlanishi, ijtimoiy vazifalarining kengayish davri. Dastlabki matnlar frantsuz tilida 9-asrda, italyan va ispan tillarida 10-asrda, provansal, Katalan, sard tillarida 11-asrda, portugal va galisi tillarida 12-asrda, retoroman tilida 14-asrda, rumin tilida 16-asrda paydo bo’ladi. Lahjalardan yuqori turuvchi adabiy tillar shakllanadi; 4) 16-19-asrlar — milliy tillarning shakllanishi, me’yorlashuvi, boyib borishi davri. Roman tillari rivojlanishi notekis bo’lgan: ba’zi tillar ancha erta milliy tilga aylanib, hatto keyinroq xalqaro til vazifasini ham bajargan bo’lsa (frantsuz va ispan tillari), ba’zilari O’rta asrlarda muhim ahamiyatga ega bo’lib, keyinroq o’z mavqelarini yo’qotgan va 19-20-asrlarda qaytadan adabiy til maqomiga ega bo’lmoqda (provansal, Katalan va boshqa tillar). Yevropadan tashqaridagi boshqa hududlarda Roman tillarining mahalliy variantlari (masalan, Kanadada frantsuz tilining, Braziliyada portugal tilining, Markaziy va Janubiy Amerikada ispan tilining variantlari) paydo bo’ldi. Roman tillari lotin alifbosidan foydalanadi. Bolqonroman tillarida yozuv kirillisa asosida shakllangan. 1860 yildan keyin rumin tili, 1989 yildan moldavan tili lotin alifbosiga o’tgan. Lotin tilida bo’lmagan tovushlarni ifodalash uchun turli xil harf birikmalari, diakritik belgilar joriy etilgan. Abduvahob Madvaliev, Isroil Po’latov.