Roman uslubi

Roman uslubi — Yevropa (asosan, G’arbiy Yevropa) san’atida 10-asrdan 12-13-asrlargacha hukm surgan badiiy uslub. Bu davr san’atida qadimgi Rim madaniyati va me’morligida qadimgi Rim me’morligi uslub va unsurlaridan keng foydalanilgan («roman» iborasi shartli bo’lib, «rimniki» ma’nosini anglatadi). Roman uslubi (termin 19-asr 20-yillaridan ishlatila boshlangan) Yevropada xristian diniy tizimining mustahkamlanishi va yoyilishi bilan bog’liq holda rivojlandi, shuning uchun markazlari monastirlar bo’lib, quruvchi, haykaltarosh va toshtaroshlari esa monaxlar edi. 11-asr oxiridan sayyor quruvchilar sobor, monastir, cherkov, qo’rg’on va qasrlar qurib Roman uslubini yaratdilar. Binolar toshdan qurilgan (bazilika turi asosiy o’rinni egallaydi), tuzilishining asosini minora tashkil etadi, uning atrofidagi geometrik shakllar (kub, prizma, tsilindr va boshqalar) binoning yaxlit majmuini hosil qiladi. Roman uslubi me’morligiga antik san’at, Vizantiya hamda Arab mamlakatlari san’ati sezilarli ta’sir ko’rsatgan, yuzaga kelgan me’morlik maktablari yagona tamoyillarga bo’ysungan. Bu binolar tarhi va tuzilishida, bezaklar shakli va mazmunida ko’rinadi. Roman uslubi Frantsiya, Germaniya me’morligida yorkin namoyon bo’lgan. Jumladan, Notr dam la Grant ibodatxonasi (11 —12-asrlar) ko’rinishi birmuncha past, uch nefli (o’rtadagi nefi yonidagilardan birmuncha baland), tosh devorlar kalin, undagi kichik tor darchalar devor qalinligini bo’rttirib, salobatini oshiradi, bino (ichki va tashqi devorlari) rassomlik va haykaltaroshlik asarlari bilan bezatilgan. Dastlab devoriy rasmlarga keng o’rin berilgan, 11-asr oxiri — 12-asr boshlaridan ibodatxonalar bezagida monumental releflar yetakchi o’rin egallaydi; bino peshtoqi va old tarzida, ichki bezaklardan ustun va uning kapitelida keng ishlatilgan. Roman uslubida vitraj ham o’z o’rniga ega bo’lgan. Amaliy san’atda kitob miniatyurasi rivojlandi. Yevropaning ko’pgina mamlakatlarida miniatyura maktablari (rassomlar) shakllandi, yaratilgan asarlar mustaqil asar sifatida ahamiyatga egadir. Jumladan, frantsuz rassomlari aka-uka Limburglar 60 dan ortiq miniatyuralarda yil fasllari, qishloq xo’jaligi bilan band kishilarning hayotini jonli ifodalagan.