Rossiya imperiyasi

Rossiya imperiyasi — Rossiya davlati asosida shakllangan davlat. 1721 yil Pyotr I tomonidan imperiya deb e’lon qilingan. Rossiya imperiyasi tarkibiga Boltiq bo’yi, Ung qirg’oq Ukraina, Belorussiya, Polshaning bir qismi, Bessarabiya, shimoliy Kavkaz (19-asrdan), shuningdek, Finlyandiya, Zakavkaze, Qozog’iston, O’rta Osiyo va Pomir kirgan. 19-asr oxiriga kelib Rossiya imperiyasi hududi 22,4 million km2 ga yetgan. 1897 yilgi aholi ro’yxatiga ko’ra, imperiyada 128,2 million kishi, jumladan, Rossiyaning Yevropa qismida 93,4 million, Polsha podshohligida 9,5 million, Finlyandiya Buyuk knyazligida 2,6 million, Kavkaz o’lkasida 9,3 million, Sibirda 5,8 million, O’rta Osiyoda 7,7 million kishi yashagan. 100 dan ziyod xalqlar ushbu hududda istiqomat qilgan; aholisining 57% ni rus bo’lmagan xalqlar tashkil etgan. Rossiya imperiyasi hududi 1914 yil 81 guberniyaga va 20 oblastga bo’lingan; 931 shahar bo’lgan. Guberniya va oblastlarning bir qismi generalgubernatorliklarga (varshava, Irkutsk, Kiyev, Moskva, Amurbo’yi, Dasht, Turkiston va Finlyandiya) birlashtirilgan. Buxoro xonligi va Xiva xonligi Rossiya imperiyasining rasmiy vassallari bo’lgan. 1914 yil Uryanxay o’lkasi Rossiya imperiyasi protektorati (homiyligi) ga o’tgan. Rossiya imperiyasi merosiy monarxiya bo’lib, uni mutlaq hokimiyatga ega imperator boshqargan. Uning oila a’zolari va qarindoshurug’lari imperator xonadonini tashkil etgan. Hukmron cherkov pravoslavie bo’lib, uni imperator Sinod orqali idora etgan. Barcha aholi Rossiya imperiyasi fuqarrlari hisoblangan, erkak aholi (20 yoshgacha) imperatorga sadoqati haqida qasamyod ettirilgan. Rossiya imperiyasi fuqarolari 4 tabaqaga ajratilgan: dvoryanlar, ruhoniylar, shahar va qishloq aholisi. O’rta Osiyo, Qozog’iston, Sibir va boshqa mintaqalarning mahalliy aholisi alohida tabaqaga — «g’ayrirus» aholiga ajratilgan. Rossiya imperiyasining gerbi — ikki boshli burgut, davlat madhiyasi — «boje, tsarya xrani» («podshoni o’zing asra, Xudoyim»). Umumdavlat tili — rus tili. 1917 yildagi fevral inqilobi monarxiyani ag’dargan: 1917 yil 1(14) sent.da Muvaqqat hukumat Rossiyani respublika deb e’lon qilgan.