Rossiyada 1905-07 yillar inqilobi

Rossiyada 1905-07 yillar inqilobi — samoderjaviega qarshi kurash voqealari. 1904-05 yillardagi rus-yapon urushi natijasida mamlakatdagi inqirozli ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinlashdi. Sankt-Peterburgda 1905 yil 9 yanvarda ishchilarning tinch namoyishi o’qqa tutilganligi (qonli yakshanda deb nom olgan voqea) inqilobning boshlanib ketishiga turtki bo’ldi; dehqonlar g’alayonlari kengayib ketdi, ishchilar orasida, armiya va flotda noroziliklar kuchaydi («Potyomkin» bronenosesida qo’zg’olon, Vladivostok qo’zg’oloni va boshqalar) Burjuaziya islohotlar o’tkazish talablarini ko’ydi. Kasblar bo’yicha va kasaba-siyosiy uyushmalar, ishchi deputatlari Sovetlari paydo bo’ldi, sotsial-demokratik partiya va sosialistr-evolyutsionerlar partiyasi mustahkamlandi, konstitutsion-demokratik partiya, «17 oktyabr Ittifoqi», «Mixail Arxangel Ittifoqi» va boshqa partiyalar tashkil qilindi. 1905 yilgi Oktabr Butun Rossiya siyosiy stachkasi, liberallar tomonidan samoderjaviening keskin tanqid qilinishi imperator Nikolay II ni 1905 yil 17 oktabr manifestini chiqarishga majbur qildi. Siyosiy erkinliklarni va’da qilish, qonun chiqaruvchi-maslahat beruvchi Davlat dumasining chaqirilishi hukumatga liberallarni betaraf etish imkonini berdi; Moskva, Rostov-Don, Novorossiysk, Yekaterinoslavdagi 1905 yil dekabr qurolli qo’zg’olonlari tor-mor qilindi. Biroq 1906 yil ishchilarning zabastovka kurashi davom etishi bilan birgalikda dehqonlarning (ayniqsa, 1906 yil yozda), armiya va flotning («pamyat azova» kreyserida, Sveaborg va Kronshtadtda qo’zg’olonlar), milliy mintaqalar aholisining (Latviyada «o’rmon birodarlari», Gruziyada «qizil yuzliqlar» va boshqalar) faolligi ortib bordi. 2-davlat dumasining tarqatib yuborilishi (1907 yil Uchinchi iyun davlat to’ntarishi deb atalgan voqea) inqilob tugaganligini bildirardi. Samoderjavie parlament vakilligini tashkil qilish va islohotlarni boshlash yo’lini tutdi (Stolipinning agrar islohoti).