Rossiyada fuqarolar urushi
Rossiyada fuqarolar urushi – oktyabr to’ntarishi natijasida Rossiyada hokimiyatni qo’lga kiritgan bolsheviklar bilan boshqa ijtimoiy guruhlar va siyosiy kuchlar o’rtasidagi urush (1918-1922). Bu urush Rossiyaga bostirib kirgan 14 ta davlatning interventsiyasi bilan o’zaro qo’shilib ketgan. Rossiya birinchi jahon urushidan chiqqandan keyin Germaniya va Avstriya-Vengriya qo’shinlari unga qarashli Ukraina, Belorussiya, Boltiqbo’yi va Janubiy Rossiyani bosib olishgan (1918 yil Fevral). Brest sulhi (1918 yil mart) imzolangandan keyin bu hududlarning katta qismi Germaniya ixtiyoriga o’tgan. 1918 yil martda Angliya—AQSh— Italiya — Kanada qo’shinlari Murmanskka tushirildi; aprelda yaponlar Vladivostokni egallashdi; may oyida Avstriya-Vengriya armiyasining asir olingan 40 ming kishilik Chexoslovak korpusi askarlari isyon ko’tardi. Bularning hammasi yangi hokimiyat uchun jiddiy xavf tug’dirgan. 1918 yil yozi — kuzida Rossiyaning ¾ qismida turli hukumatlar, masalan, 8 iyunda Samarada esermensheviklarning Volgabo’yi hukumati — ta’sis Majlisi a’zolarining komiteti (Komuch) (hukumat raisi — eser V. K. Volskiy); 23 iyunda Tomskda muvaqqat Sibir hukumati (hukumat raisi — P. V. Vologorskiy); 23 sentabrda Ufa direktoriyasi (raisi — N. D. Avksentev); 28 sentabrda Arxangelsk guberniyasida shimoliy viloyat muvaqqat hukumati (hukumat raisi general E. K. Miller); Ashxobodda Zakaspiy muvaqqat hukumati (hukumat raisi— eser Funtikov) tuzilgan. Biroq hokimiyatni zo’ravonlik bilan egallagan bolsheviklar uni qurol kuchi bilan saqlab qolishga urinishgan. 1918 yil Fevralda qizil armiya tashkil qilingan, bolsheviklar «harbiy kommunizm» siyosatiga o’tishgan. Oziq-ovqat taqsimoti (razvyorstka) natijasida oziq- ovqat to’plovchi otryadlar (prodotryadlar) tashkil qilinib, ular aholi qo’lidagi oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish bilan shug’ullangan. 1918 yil yozida qizil armiya zudlik bilan qayta qurilgan. 18 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan barcha erkaklar uchun majburiy harbiy xizmat joriy qilindi, armiyada harbiy komissar lavozimi ta’sis etildi, sinfiylik tamoyillariga amal qilindi va Markaziy boshqaruvga o’tildi (1918 yil iyul). Sovet rejimi o’z mavqeini saqlashda harbiy tayanchi bo’lgan qizil askarlarga ko’plab imtiyozlar bergan. 1918 yil 5 sentabrda RSFSR XKS «Qizil terror haqida» dekret chiqarib, front va uning orqasida kurashning shafqatsiz shakli — ommaviy terrorni qo’llagan. Butunrossiya Favqulodda Komissiyasi (BFK) ga fuqarolarni hech qanday sud va tergovsiz otish huquqi berilgan. Chekistlarning shafqatsizligi sovet hokimiyatining o’ziga xos ramziga aylangan. Bolsheviklar va sovetlarga qarshi kuchlar ham ularga nisbatan huddi shunday choralar ko’rishgan. Fuqarolar urushi o’zining butun dahshatli qonunlarini ommaviy ravishda namoyish qilgan. Qizil armiyaning qayta qurilishi natijasida u tez orada dunyodagi eng katta va tajovuzkor armiyalardan biriga aylangan (1918 yil bahorida 300000; yozida 600000; kuzida 1 million; 1920 yilda 5 million kishi). 1918 yil 2-yarmida u Sharqiy frontda dastlabki g’alabalarini qo’lga kiritgan. Volgabo’yi va Uralni egallagan. 1918 yil 13 noyabrda sovet hukumati Brest sulhini bekor qilgandan so’ng, Ukraina, Belorussiya va Boltiqbo’yi Rossiyaga qo’shib olingan. «Harbiy kommunizm» siyosati, kazaklar va badavlat krestyanlar (dehqonlar)ni yo’qotishga mo’ljallangan harbiy harakatlarga qarshi Rossiyaning turli mintaqalarida krestyanlar va kazaklarning ko’plab isyonlari va qo’zg’olonlari bo’lib o’tgan. Biroq sovet hokimiyatiga qarshi qaratilgan bunday norozilik chiqishlari (1918 yil iyun — Tambov; iyul — Yaroslavl; avgust — Livensk va hokazolar) ni qizil armiya shafqatsizlik bilan bostirgan. 1919 yil mart—may oylarida qizil armiya Rossiya sharqida admiral A. V. Kolchak, Janubda general A. I. Denikin, g’arbida general N. N. Yudenichning juda katta hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo’ldi. Sharqiy front qo’shinlarining may — iyul oylaridagi umumiy hujumi natijasida qizil armiya Ural, keyinchalik Sibirni egalladi. 1919 yil aprel avgust oylarida xorijiy davlatlar Janubiy Ukraina, Qrim, Bokudan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo’lishgan. Qizil armiyaning Janubiy front qo’shinlari Oryol va Voronej atroflarida Denikin armiyasini mag’lubiyatga uchratib, ularni Qrimga surib chiqargan (1920 yil mart). 1919 yil kuzida Petrograd atrofida Yudenich armiyasi tor-mor qilingan. 1920 yil boshlarida Rossiyaning shimoliy Guberniyalari va Kaspiy dengizi sohillari egallandi. Antanta davlatlari barcha qo’shinlarini butunlay chaqirib olgan. Rossiya-Polsha urushidan so’ng, qizil armiya general P. N. Vrangel (1878— 1928) qo’shinlariga kuchli zarba bergan va ularni Qrimdan surib chiqargan (1920 yil noyabr). Vrangel boshchiligida 145693 kishi 126 kemada Sevastopoldan xorijga jo’nab ketishga majbur bo’lgan. Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston respublikalaridagi mustaqil milliy hukumatlar ham qizil askarlar tomonidan tormor keltirilgan. Bu hududlarda sovet rejimi o’rnatilib, ular sovet Rossiyasi tarkibiga kiritilgan (1920-21). 1921— 22 yillarda Kronshtadt, Tambov guberniyasi (A. S. Antonov boshchiligida), Ukrainaning ko’plab tumanlari va boshqa joylarda bolsheviklarga qarshi ko’tarilgan isyonlar va qo’zg’olonlar ham qizil armiya tomonidan shafqatsiz ravishda bostirilgan. Uzoq Sharqdagi oq gvardiyachilar hukumati ham tugatilgach (1922 yil 25 oktabr), Rossiyada fuqarolar urushi tugadi. Rossiyadan farqli o’laroq, bu davrda Turkiston mintaqasida fuqarolar urushi bo’lmagan, xorijiy davlatlar bu hududga o’z qo’shinlarini ham kiritmaganlar (faqat Zakaspiy viloyati bundan mustasno). Turkistonda sovet rejimi o’rnatilgach, bosqinchi qizil armiya va bolsheviklarga qarshi istiqlolchilik harakati boshlangan. Keyinchalik ba’zi oq gvardiyachi ofitserlar Rossiyadan Farg’ona vodiysiga kelib, qo’rboshilar guruhlarida harbiy instruktor sifatida faoliyat ko’rsatishgan. Katta Ergash, Madaminbek, Junaidxon bilan Kolchak, A. I. Dutov, Annenkov o’rtasida ayrim aloqalar bo’lgan. Biroq Kolchak va boshqalarning Turkistondagi bu harakatdan o’z maqsadlari yo’lida foydalanishini sezgan qo’rboshilar ular bilan aloqalarni to’xtatishgan. Rossiyada fuqarolar urushi katta yo’qotishlar keltirgan. Ocharchilik, turli kasalliklar, terror vaharbiy harakatlarda 8-13 million kishi (ulardan faqat 1 million qizil askarlar) halok bo’lgan. Bu davrda 2 million kishi Rossiyani tark etgan. Xalq xo’jaligiga keltirilgan moddiy zarar taxminan 50 milliard oltin rublni tashkil qiladi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1913 yilga qaraganda deyarli 20%, ko’mir qazib chiqarish 33%, neft olish 50%, qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirish esa 40% qisqargan. Ad.: Grajdanskaya voyna v Rossii: Perekrestok mneniy, M., 1994; Istoriya Rossii XX vek, M., 2000; Istoriya Sovetskoy Rossii, Sankt-Peterburg, 2001. Qahramon Rajabov.