Rostov viloyati

Rostov viloyati — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1937 yil 13 sentabrda tuzilgan. Janubiy federal okrugiga kiradi. Maydoni 100,8 ming km2. Aholisi 4406,7 ming kishi (2002), asosan, ruslar, shuningdek, ukrain, arman, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Shahar aholisi — 67,6%. Viloyat tarkibida 43 ma’muriy tuman, 23 shahar, 25 shaharcha bor. Markazi — Rostov-Don shahri. Boshqa yirik shaharlari: Taganrog, shaxti, Novocherkassk, Volgodonsk, Novoshaxtinsk. Rostov viloyati Rossiya Yevropa qismining Janubda joylashgan. Janubi g’arbda Azov dengizining Taganrog qo’ltig’iga tutash. Relefi, asosan, tekislik. G’arbida Donesk kryajining Sharqiy etaklari (eng baland joyi — 253 metr), shimolda don gryadasi, Janubi sharqda Ergeni qirlari, Janubda kumamanich botig’i joylashgan. Foydali qazilmalari: temir rudasi, antrasit, kokslanuvchi kumir, kvarsit, ohaktosh, qurilish materiallari, osh tuzi, tabiiy gaz va boshqalar. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -9° dan (shimolda) — 5°gacha (Janubda), iyulniki 22°, 24°. O’rtacha yillik yog’in 400-650 mm. Vegetatsiya davri 165-180 kun. Asosiy daryolari — don va uning irmoqlari (Severe kiy Dones, sal, Manich va boshqalar). Qoratuproq, kashtan, sho’rtob tuproqlar tarqalgan. Har xil boshoqlilar, betagachalov, shuvoq o’sadi. Tulki, sayg’oq, sassiqko’zan, yumronqoziq, qo’shoyoq, bedana, kaklik yashaydi. Viloyat hududida Rostov qo’riqxonasi joylashgan. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik, shu jumladan, qishloq xo’jalik (kombaynlar, kultivatorlar va boshqalar — «Rostselmash» ishlab chiqarish birlashmasi), energetika; temirchilik-presslash («Donpressmash» ishlab chiqarish birlashmasi), metallurgiya, neft, savdo jihozlari, metallsozlik stanoklari, asboblar, elektrovozlar (Novocherkassk elektrovoz zavodi), ekskavatorlar, optika-mexanika, uy-ro’zg’or elektr asboblari, neft-gazni qayta ishlaydigan jihozlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish. Qora va rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi (kimyo tolasi, plastmassa, texnik rezina, lokbo’yoq mahsulotlari), oziq-ovqat (go’sht, yog’moy, konserva va boshqalar) sanoatlari ham rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Toshko’mir qazib olinadi (Donesk havzasi). Novocherkassk va boshqa issiqlik elektr stantsiyalari, Tsimlyansk GES bor. Qishloq xo’jalikning yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Bug’doy, arpa, sholi, kungaboqar, poliz, sabzavot, kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tokchilik va mevachilik rivojlangan. Chorvachiligi go’shtsutga ixtisoslashgan. Qoramol, qo’y va echki, cho’chqa, parranda boqiladi. Azov dengizi, don, Severskiy Dones, G’arbiy Manich daryolarida kema qatnaydi. Dengiz porti — Taganrog; Daryo portlari — Rostov-don, Ustdoneskiy. Temir yo’llar uzunligi 1865 kilometr, kattik qoplamali avtomobil yo’llar uzunligi 10988 kilometr (2002). 16 oliy o’quv yurti, 8 muzey, 7 teatr, filarmoniya, tsirk, qimiz bilan davolaydigan Manich iqlim kurorti, Vyoshenskaya kurorti va 12 sanatoriy mavjud.